Putin urushni tugatishni istamoqda: tinchlik taklifi muzokara stolida

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi mojaroni bartaraf etish niyatida ekanini AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Fox News telekanaliga bildirgan.

«Menimcha, Putin muloqotga kirishish uchun samimiy sa’y-harakat qildi. Buni u Alyaska sammitida ham ochiq namoyon etdi. Biroq bu juda murakkab mojaro», dedi Uitkoff.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu haftada Nyu-Yorkda Ukraina vakillari bilan uchrashuv rejalashtirilgan. Bundan avval Vashingtondagi hukumat yig‘ilishida Uitkoff AQSh yil oxirigacha Ukrainadagi mojaroni tugatish niyatida ekanini aytdi.

6 avgust kuni Uitkoff Moskvaga rasmiy tashrif bilan kelib, Kremlda Putin bilan uch soat davom etgan uchrashuv o‘tkazgan edi. Bu – yil boshidan beri ularning beshinchi muloqoti bo‘ldi.

Avvalroq, Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni «shaxsiy xarakterga ega» deb atagan va uni to‘xtatish niyatida ekanini bildirgan edi. Oq uyda Zelenskiy va Yevropa yetakchilari ishtirokidagi sammitdan keyin Tramp Putin va Zelenskiy uchrashuvi tayyorgarligi boshlanganini e’lon qildi.

Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov ham Putin Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligini, biroq faqat «prezidentlik kun tartibi» mavjud bo‘lgan taqdirdagina bunday uchrashuv o‘tkazilishi mumkinligini ta’kidladi. Biroq hozircha bunday kun tartibidan darak yo‘q.

AQSh prezidenti Donald Tramp, agar Ukrainadagi urushni bartaraf etishda siljish bo‘lmasa, Vashington Moskvaga nisbatan «iqtisodiy urush» boshlashga tayyorligini bildirdi. Tramp faqat iqtisodiy choralarni ko‘rib chiqishini ta’kidlab, «Biz Uchinchi jahon urushiga yo‘l qo‘ymoqchi emasmiz», dedi. Trampning aytishicha, AQSh sanksiya va bojxona choralarini faqat Rossiyaga emas, balki Ukrainaga qarshi ham joriy etishi mumkin. «Zelenskiy ham mutlaq begunoh emas, tango raqsi uchun ikki kishi kerak», dedi Tramp. «Ukraina g‘alaba qozonaman deb o‘yladi. Lekin o‘zingizdan 15 barobar katta davlatni yengib bo‘lmaydi», deya qo‘shimcha qildi u.

O‘z navbatida Germaniya kansleri Mers Moskva Zelenskiy bilan uchrashuvdan bosh tortsa, Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etilishi mumkinligini bildirdi.

Tomonlarning keyingi uchrashuvi Turkiyada bo‘lishi mumkin.

Gulnora Xoldorova tayyorladi.