Bloomberg: Kim Chen In urush boshlashga tayyor, biroq hozir ko‘proq pul ishlashga harakat qilmoqda

So‘nggi haftalarda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In janub bilan urush boshlash istagi va tayyorligini ko‘rsatuvchi bir qator bayonotlar berdi.

Ammo Pxenyanning mojaroni qo‘zg‘atmaslik uchun asosli sabablari bor, chunki Shimoliy Koreyaning iqtisodiy o‘sish sur’ati Rossiyaga qurol-yarog‘ savdosi tufayli qariyb o‘n yil ichida eng yuqori darajaga yetgan.
Nashrning qayd etishicha, oktyabr oyidan beri Shimoliy Koreya Rossiyaga 2 milliondan ortiq artilleriya snaryadlari va bir nechta ballistik raketalarni sotgan.
Yetkazib berilgan raketalarning har biri bir necha million dollarga tushishi va Rossiya ular uchun Pxenyandan uchirish moslamalarini ham sotib olishga majbur bo‘lishi mumkin. Shu tariqa, KXDRning sotgan uskunalar hajmi milliardlab dollarga yetishi tabiiy. Mamlakat iqtisodiyoti esa Xitoy bilan tovar ayirboshlashning ortishi bilan birgalikda joriy yilda 0,5 foizga o‘sishi ehtimoldan xoli emas.
Pxenyanning Rossiyaning Ukrainadagi urushini qo‘llab-quvvatlash uchun ballistik raketalar, artilleriya snaryadlari va boshqa harbiy texnikani sotishi uzoq vaqtdan beri xalqaro sanksiyalar ostida qolgan iqtisodni rag‘batlantirmoqda. Bu Kim Chenga kelgusi yillar davomida G‘arb ta’siridan qochish imkonini berib, 40 yoshli yetakchiga yanada radikal choralar ko‘ruvchi, xususan, urushga majbur qiluvchi bosimni kamaytiradi, deb yozadi Bloomberg.