Putin va Tramp uch kun ichida urushni tugatadimi?

15 avgust kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Alyaskada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazadi.

Ularning uchrashuvi allaqachon bir-biriga qarama-qarshi mish-mishlar bilan to‘la: Putin butun Donetsk oblastini talab qiladi va shu bilan birga Xerson va Zaporoje oblastlarining bosib olingan qismlarini Ukrainaga beradi (ma’lumot tasdiqlanmagan), shuningdek, havoda va dengizda ehtimoliy sulh…

G‘arb nashrlari Vladimir Zelenskiy ham Alyaskaga kelishini ta’kidlamoqda. Ammo u avval AQSh va Rossiya yetakchilari gaplashib olishini kutishi kerak bo‘ladi. Uchrashuvga uch kun qoldi, ammo hali hech narsa aniq emas.

Trampning o‘zi ultimatum qo‘ydi va uni o‘zi amalga oshirdi. U muddat belgilab, uni qisqartirdi, so‘ng Uitkoffni Kremlga jo‘natib, vakilning Putindan eshitganlari uni qiziqtirishini aytdi va uchrashuv sanasini belgiladi.

Bo‘lajak yig‘ilish Rossiya neftini sotib oluvchilarga qarshi tahdidlarni amalga oshirish va ikkilamchi sanksiyalarni joriy etish, kelajakda Ukrainani uzoq masofali qurollar bilan ta’minlash zarurligini vaqtincha bekor qildi. Shu bilan birga, Vladimir Putin ultimatumning asosiy shartini bajarmadi - u Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarni to‘xtatmadi. Aksincha, ultimatum davrida tinch aholi qurbonlari soni va vayronagarchilik sur’atlari bo‘yicha urush tarixidagi eng qora kunlar boshlandi. Faqat Alyaskadagi uchrashuv oldidan, kayfiyatni buzmaslik va hamkasbini mutlaqo noqulay ahvolga solib qo‘ymaslik uchun Putin bombardimon qilishni to‘xtatadi, degan umid bor va bu yerda ham hech qanday kafolat yo‘q, deyiladi «Meduza»da.

Trampning Rossiyaga jo‘natilgan vakili nima bilan qaytdi?

Tramp optimist Uitkoffdan, Uitkoff esa Putindan nimani eshitgani mutlaqo noaniqligicha qolmoqda. Eng ilg‘or ommaviy axborot vositalari xabarlari bir-biriga zid. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Vitkoff rossiyalik amaldorlarning o‘z xo‘jayinini rozi qilish istagini to‘liq baham ko‘rdi va uning Putin va’dalari talqini aslidan ancha saxiyroqqa o‘xshaydi. Qanday bo‘lmasin, Putinga Tramp bilan uchrashuvda Vitkoffga aytganidan ziyod nimadir aytishga va eng yuqori darajada qayta savdo boshlashga hech narsa to‘sqinlik qilmaydi.

G‘arb matbuotiga ko‘ra, Putinning Uitkoff orqali yetkazgan takliflari orasida bir-birining hududiga chuqur zarba berishni to‘liq to‘xtatish ham bor.

Ukraina bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatishdan oldin yuzma-yuz uchrashuvga rozi bo‘lgani bilan Tramp allaqachon yon berdi, shuning uchun u Putinga qaraganda ko‘proq tavakkal qiladi. Uning, o‘zi aytishni hush ko‘rganidek, qo‘lida kartalar ko‘p emas. Agar Putin o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, Rossiyaning neft savdosi samaradorligiga Trampning o‘zi ham shubha qilgan ikkinchi darajali sanksiyalar ostiga tushadi.

Bu holda hatto Yevropa puli, hatto uzoq masofali raketalar berib bo‘lsa ham Ukrainaga qurol-yarog‘ yordamini davom ettirishga to‘g‘ri keladi. Bu esa Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga qadam bo‘lib, urushda burilish Ukraina foydasiga kafolat bo‘lmaydi. Sammitdan «quruq» ketish esa Tramp uchun noqulay, shuning uchun hamkorlar xavotirda: bu holat uni Putinning turli ayyorliklariga rozi bo‘lishga undashi mumkin.

Bundan tashqari, yangiliklarga ko‘ra, Zelenskiy ham Alyaskaga kelishi mumkin, lekin uchrashuv boshida emas, balki chaqirishganda — allaqachon kelishilganni ma’qullash yoki rad etish uchun. Shunda rad etish oqibati Trampdan Zelenskiyga va uni qo‘llab-quvvatlovchilarga ko‘chadi, Amerika prezidenti esa qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga uradi.

Agar Tramp Rossiyaning tashqi siyosiy talablari legitimligini tan olsa, nazariy jihatdan bu urushni tugatishi va hatto Ukraina tomonidan beriladigan imtiyozlar sonini kamaytirishi mumkin. Agressorni mukofotlashdan baribir qochib bo‘lmaydi, ammo jabrlanuvchini qutqarish va dastlabki tajovuzkor rejalar ancha keng qamrovli bo‘lishi mumkinligi bilan tasalli berish mumkin. Buni amalga oshirish oson bo‘lmaydi va ehtimol, ba’zi hollarda Putinga shunchaki bosim o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.

Muammo yana shundaki, Rossiya maqomini tan olish — g‘alaba kabi ancha cho‘ziluvchan tushuncha. Ehtimol, urush davomida ikkalasi bir-biriga qorishib ketgan va Moskvada bunday tan olishning moddiy ifodasi sifatida o‘z harbiy talablar to‘plami bajarilishini ko‘rishmoqda.

Agar shunday bo‘lsa, uchrashuv umuman muallaq qolishi yoki kechiktirilishi mumkin. Biroq, u o‘tkazilsa ham, qatnashchilar albatta natija bilan chiqishi shart emas. Esingizdami, Tramp o‘zining birinchi muddatida KXDRning atom dasturini to‘xtatish umidida uch marta Kim Chen In bilan uchrashgan, ammo kerakli so‘zlarni topa olmagan. Uchrashuvlar faqat marosim sifatida qolgan edi.

G.Xoldorova tayyorladi.