"Kim kashf etmish O‘zbekistonni?.."

9 may - Xotira va qadrlash kuni oldidan samarqandlik ijodkorlardan ayrimlarini eslayotganimiz ko‘pchilikka ma’qul bo‘lmoqda. Bugun taniqli ijodkor, O‘zbekiston xalq shoiri, Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti laureati Barot Boyqobilovning xotirasini yod olamiz.

Barot Boyqobilov 1937 yil 14 martda Urgut tumanidagi Kenagas qishlog‘ida tug‘ilgan. SamDU filologiya fakultetida tahsil olgan.
O‘zbekiston davlat badiiy adabiyot nashriyoti, yoshlar gazetasi, bolalar adabiyoti nashriyotida muharrir, bo‘lim mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari, «Muloqot» jurnali bosh muharriri bo‘lib ishlagan.

«Samarqand satrlari», «Visol», «Seni izlayman», «Samarqand ushshog‘i», «Afrosiyob», «Sonetlar», «Kim sokin yashaydi O‘zbekistonda» va boshqa she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan «Shukuhli karvon», «Notinch Xuroson», «Sokin Xuroson» va «Qonli Xuroson», «Hayrat ul-Abror» dostonlaridan iborat «Yangi Xamsa» va «O‘zbeknoma» she’riy romanlari bor.

2006 yilda Toshkent shahrida vafot etgan.
Quyida shoirning she’rlaridan namuna o‘qiysiz.

***

MEN SENI SOG‘INDIM

Kim kashf etmish O‘zbekistonni,
Qaydan paydo bo‘lmish bu diyor?
Sharqqa mayoq bunday makonni
Yaratgandir qaysi bunyodkor?

Kim kashf etmish O‘zbekistonni,
Qaydan paydo bo‘lmish bu diyor?
Sharqqa mayoq bunday makonni
Yaratgandir qaysi bunyodkor?

Boshi uzra kulgan osmonni
Kim aylamish tongdek beg‘ubor?
Maftun aylab shu keng jahonni,
Kim muncha ham etmish baxtiyor?

Jahon ichra qo‘yib qutlug‘ nom,
Kim o‘pgandir peshonasini,
Saodatga yo‘llab subhu shom?
Bu hayotning koshonasini
Xalqimizga kim etgan in’om,
Oltin aylab ostonasini?

Shuning uchun qalbida yangrar
Koinotning buyuk xitobi.
Boshin silab har shomu sahar
Parvonadir tole oftobi.

Osiyoda tengsiz bu kishvar,
Sharqning oltin mehrobi erur.
Yer qalbiga bo‘lganday mehvar
Toki jahon turguncha turur.

Chunki uni yaratib Xudo
Peshonasin o‘pgan subhidam,
Baxti kunday tug‘ildi a’lo,
Istiqbolin etgali ko‘rkam.

Shuning uchun bu go‘zal diyor
Yuragida Alloh mehri bor.
* * *
Tong bilan ko‘rdim yor yuzida xanda,
Ko‘zlarim nurlandi sharorasidan,
Yurak tug‘yon urdi nazzorasidan,
Tong bilan ko‘rdim yor ko‘zida xanda.

Chinnidek jaranglar so‘zida xanda,
Ko‘ngilga bol tomar iborasidan;
Ruhga jon yugurar ishorasidan,
Gul bo‘lib yashnaydi izida xanda.

Bu visol ayyomin aylamay kanda,
Mast bo‘lib ko‘ngilning ishtiyoqidan,
Boshimda charaqlab quyosh kulganda,
Hayratlanib Ishqning ixtirosidan,
She’r aytgim keladi ushbu chamanda,
Yor rozi ersa bas har misrasidan!
* * *
Hayot gulshanida bir umr mastman,
Sevgi sharobidan bir qultum ichib,
Go‘yoki yuribman ko‘klarda uchib,
Zuhro yulduziga joni payvastman.

Farhodu Tohirlar bilan hamdastman,
Qaysdek ovoraman oromdan kechib,
Dardimni she’r bilan toshlarga chekib,
Tog‘ aro adashgan ishqi sarbastman.

Gar qo‘ysam muhabbat jumbog‘in yechib,
Bu chigal hayotning qolmas qizig‘i,
Baxt qushi ketadi boshimdan uchib.
Nishonga olsada, ayriliq tig‘i,
Sarxushman, muhabbat parisin quchib,
Yo‘ldan adashma, der, yorning chizig‘i.
* * *
Men seni izladim, sen esa meni
Muhabbat atalmish bir xiyobondan.
Men seni so‘zladim, sen esa meni,
Ko‘ngilga saodat bitgan dostondan.

Men senga gul terdim, sen esa menga
Oshiqlar qadami yetmagan yerdan.
Men senga qo‘l berdim, sen esa menga
Amu bo‘sa olib turgandek Sirdan.

Men seni sog‘indim, sen esa meni,
Hijronda visolga chorladi maktub.
Men seni sog‘indim, sen esa meni,
Tohiru Zuhrodek bo‘loldik mahbub.

Muhabbat bo‘lmasa ikki dunyo ham,
Qovushtirolmasdi bizlarni, erkam.