“Kim olimlarni pastga ursa, uning oxirati barbod bo‘ladi"
1991 yil xalqimiz mustaqillikka erishgach Islom dini arkonlariga amal qilish, uning ta’limotlarini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini ro‘yobga chiqarish borasida imkoniyatlar ochildi. O‘sha davrlarda Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy jome masjidida imom-xatib vazifasida faoliyat olib borayotgan Usmonxon Alimov o‘z hamfikrlari bilan birgalikda xalqning diniy ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirish maqsadida masjid qoshida Imom Buxoriy madrasasiga asos soldi hamda ushbu maskanda ustozlik qila boshladi. Dastlab, o‘rta maxsus diniy bilim yurti, so‘ng hadis ilmi markazi sifatida faoliyat yuritgan ushbu bilim yurti bir necha yuzlab diniy ulamolar yetishtirib berdi. Bugungi kunda juda ko‘plab masjidlarning imom-xatib, imom noibi, bilim yurtlarining mudarrislari sifatida va boshqa sohalarda ushbu mutaxassislar faoliyat olib borib, xalqimizning diniy-ma’rifiy savodxonligini oshirishda xizmat qilib kelmoqdalar.
Keyinchalik ushbu ta’lim maskani negizida Usmonxon Alimov hazratlarining O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi vazifasida ish olib borish jarayonida xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari tashkil qilindi. 2019 yilga kelib esa Imom Buxoriy nomli hadis oliy maktabi ham o‘z ish faoliyatini boshladi va hadis ilmi sohasida yetuk olimlar tayyorlash bo‘yicha sobiq ittifoq hududidagi yagona ta’lim muassasiga aylandi.
Ko‘p yillar masjid imomi, viloyat bosh imom-xatibi lavozimida mehnat qilgan Usmonxon Alimov 2006 yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy etib saylandilar. O‘zining ilmu ma’rifati, ish yuritish salohiyati, adolat, og‘ir va vazminlik bilan fikrlashi, musulmonlar manfaatini o‘ylab ish boshqarishi muftiy hazratlarining uzoq yillar davomida idora raisligi vazifasida ishlashini ta’minladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Hazrat har qanday vaziyatda ham musulmonlar idorasi, masjid va madrasalarning bir maromda ish olib borishi, ularga nisbatan har xil ta’na toshlar otilishi, turli zararlar yetishini oldini olganligi, ayniqsa, shu soha ichida bo‘lganlarga ko‘proq ayondir.
Yangi masjidlarning ochilishi, 500 dan ziyod masjidlarda qayta qurish va ta’mirlash ishlari olib borilayotgani, Buxoro shahridagi “Mir Arab”, Samarqand viloyatidagi “Imom Buxoriy hadis maktabi” oliy bilim yurtlari, 2020 yil Surxondaryo viloyatidagi “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom bilim yurti yangidan ochilib, faoliyat olib borayotgani, diniy bilim yurtlariga talabalar qabul kvotasining oshirilishi, viloyatlarda hadis, kalom, aqida, fiqh maktablarining faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi, diniy bilim yurtlari qoshida Qur’on kurslari tashkil etilganligi kabi ko‘plab xayrli ishlar aynan muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining diniy idora raisliklari davrida amalga oshirildi. Bu ishlar hazratning sohadagi samarali mehnatlaridan dalolat beradi.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari O‘zbekiston musulmonlarining rahbari, bugungi kunda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ko‘plab mutaxassislarning ustozi bo‘libgina qolmay, yon qo‘shni mamlakatlar - Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston muftiyotlari tomonidan ham ustoz sifatida e’tirof etilganini qayd etishimiz lozim. Ular ko‘plab masalalarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda ish olib borayotgani, hazratning idora tarixida ilk bor 2012 yil Islom olami uyushmasi ta’sis majlisining a’zosi, Butun dunyo ulamolar kengashi a’zosi etib saylangani e’tirofga loyiq. Shuningdek,
islom dini ma’rifatini keng tarqatish, buzg‘unchi kuchlarga qarshi birga kurashish va o‘zaro hamkorlikdagi keng ko‘lamli ishlari uchun Rossiya Federatsiyasi Sverdlovsk viloyati musulmonlari idorasi tomonidan “Kumush yarim oy” medali bilan taqdirlanishi, Markaziy Osiyo musulmonlari ma’naviy taraqqiyotiga ko‘p yillar xizmat qilgani, urf-odatlarni tiklash va avaylab asrashga qo‘shgan hissasi uchun Qirg‘iziston musulmonlari idorasining 1-darajali “Intimoq” medali (“Ittifoq”) bilan taqdirlanishi, Ummon Sultonligi Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” ro‘yxatidan munosib o‘rin egallaganlari ehtiromga sazovordir.
Muftiy hazratlari Islom dini ma’rifatining targ‘ibotchisi sifatida ham nafaqat yurtimizda, balki ko‘plab xorijiy mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanlarda ilmiy asoslangan mazmunli ma’ruzalari bilan ishtirok etib kelmoqdalar. U kishi yigirmadan ortiq kitob va yuzdan ziyod ilmiy-ommabop maqolalarning muallifi hisoblanadi. “Tafsiri Irfon”, “Rasulullohning muborak vasiyatlari”, “Rasululloh mo‘’jizalari”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “Yoshlar kelajagimiz”, “IX-X asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi” kabi asarlari shular jumlasidandir.
Alloh taoloning inoyati ila bunday salmoqli ishlar muftiy hazratlari boshchiliklarida bardavom bo‘lmoqda. Ammo, bugungi kunda ba’zi bir dilni xira qiladigan, musulmonlarni o‘z rahbariga qarshi chiqishga undaydigan, ular orasida fitna va parokondalikka chaqiruvchi ayrim ijtimoiy tarmoqlardagi xabar va gaplarning tarqalishi biz, diniy soha vakillari va musulmonlarning noroziligimizga sabab bo‘lmoqda. Ilm ahllarining darajalarini Alloh taoloning O‘zi baland qilgan. Bu tortishmaydigan masaladir. Chunki Alloh taolo “Alloh sizlardan iymon keltirganlarni va ilmga berilganlarning darajalarini ko‘tarur” (Mujodala-4), deya marhamat qilgan. Olimlarga dushmanlik qilgan odam Allohga urush qilganga o‘xshaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh aytadi: “Kim mening do‘stimga dushmanlik qilsa, unga urush e’lon qilaman” (Buxoriy rivoyati). Ibn Hajar aytadi: Allohning do‘stidan murod Allohni taniydigan, Uning toatida doim bo‘ladigan olimdir.
Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh: “Kim olimlarni pastga ursa, uning oxirati barbod bo‘ladi, kim amirlarni pastga ursa, uning dunyosi barbod bo‘ladi. Kim birodarlarini pastga ursa, uning odamgarchiligi barbod bo‘ladi”, deganlar.
Ahli ilm, imomlarga samimiy xayrixoh bo‘laylik. Aslida islomning mohiyati ham shunday.
Barchamiz uchun ustoz bo‘lgan olim, fazilatli shayx Usmonxon Alimov hazratlarini o‘z vazifasiga noloyiq, olib borayotgan ishlarini samarasizlikda ayblamang! Muftiy hazratlarining odilona, ilmu ma’rifat va mo‘’tadillik bilan ish boshqarishlari natijasi o‘laroq masjidlarimiz obod, talabalarimiz ilm chashmasidan bahramand, soha vakillari o‘zaro ittifoqlikda mehnat qilib, xalqning ma’rifati, tinchligi, to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmay, halol-haromni farqlaydigan bo‘lib shakllanishi davom etmoqda. Zero, hikmatlarda “Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidir”, deyilishi bilan har bir ishni mo‘’tadil holda bajarish afzal ekanligi ta’kidlangan.
Zayniddin EShONQULOV,
Samarqand viloyat bosh imom-xatibi.