Xizmat itlarining jangovor ko‘nikmalarga tayyorligi sinovdan o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimida xizmat qilayotgan xodimlar va xizmat itlarining harakatlarini yanada uyg‘unlashtirish, ularning jangovor ko‘nikmalarini oshirish, biriktirilgan topshiriqlarni bajarishda aniqlik va tezkorligini yaxshilash maqsadida Samarqand viloyatidagi Kinologiya markazida navbatdagi amaliy o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Unda xizmat itlari bilan kinologlarning chaqqonligi, tezkorligini oshirishga qaratilgan turli taktik amallar bajarildi. Mashg‘ulotlar davomida har bir kinolog xodimga o‘z tajribalarini yanada mustahkamlab borishlari lozimligi aytib o‘tildi.
Bugungi kunda Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi tarkibida respublika kinologiya markazidan keltirilgan jami 22 ta xizmat itlari harbiy xizmatchilar bilan birga xizmat olib bormoqda. Samarqand viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi tarkibida esa 5 ta iz-qidiruv yo‘nalishiga moslashgan sharqiy yevropa ovcharkalari xizmat olib bormoqda.
Bu kabi o‘quv mashg‘ulotlari xodimlar va xizmat itlarining ko‘nikmalarini yanada oshirish bilan birga har yili sohaviy hizmatlar o‘rtasida muntazam o‘tkazib kelinayotgan Kinolog mutaxassislarining xizmat ko‘pkurashi bo‘yicha respublika ochiq birinchiligi kabi musobaqalarida faol ishtirok etishini ta’minlaydi. Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Qo‘riqlash boshqarmasining xizmat itlari mazkur tanlovning 2022 yildagi mavsumida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.