Ko‘chma savdo joylaridan qancha muddat foydalanish mumkin?

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 avgustdagi “Ko‘chma savdo faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish hamda savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, ko‘chma savdo joylari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali chiqarilishi belgilangan.

Tadbirkorlik sub’yektiga elektron onlayn-auksionda sotib olingan ko‘chma savdo joyidan 36 oy muddatga foydalanish huquqi beriladi.

Qarorga ko‘ra, ko‘chma savdo ob’yektini joylashtirish muddati ikki marta uzaytirilishi mumkin. Bunda ko‘chma savdo sub’yekti ko‘chma savdo ob’yektini joylashtirish muddati tugagunga qadar “K-SAVDO” AATda ko‘chma savdo ob’yektini joylashtirish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi elektron ariza jo‘natishi belgilangan.

Elektron blanka to‘ldirilgandan so‘ng “K-SAVDO” AAT ko‘chma savdo sub’yektining elektron pochta manziliga ko‘chma savdo ob’yektini joylashtirish muddati uzaytirilganligini tasdiqlovchi QR-kod (matrisali-shtrixli kod) qo‘yilgan elektron hujjat yuboradi.

Qahramon EShONQULOV,

“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ viloyat hududiy vakili.