Ko‘kchadagi maqbara Amir Temur tomonidan qurilgan(mi?)

Bugungi kunda ziyolilar, ayniqsa, xalq orasida Toshkent shahrining Ko‘kcha dahasida joylashgan Shayx Zayniddin bobo maqbarasi ham Ahmad Yassaviy maqbarasi kabi Amir Temur tomonidan barpo qilingani haqidagi ma’lumotlar keng tarqalgan. Lekin bu ma’lumotlar to‘g‘ri ekanligini isbotlovchi aniq faktlar yo‘qligi muammo bo‘lib kelmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti hamkorligida tashkil etilgan onlayn seminarda shu kabi ilmiy muammolar o‘rtaga tashlandi. 

Xususan, seminarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi “Islomshunoslik va Islom sivilizatsiyasini o‘rganish ISESCO” kafedrasi o‘qituvchisi O‘ktambek Sultonovning “Shayx Zayniddin Kuyi Orifoniy shaxsiyati: tarixiy faktlar va rivoyatlar tahlili” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi. Ko‘kchadagi maqbara qurilishi bilan bog‘liq olib borilayotgan tadqiqot ishlari haqida ma’lumotlar berildi. 

Yurtimiz va xorijdagi ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari va diniy-ma’rifiy yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan yosh olim va tadqiqotchilari ishtirok etgan seminarda islomshunos, sharqshunos va temuriyshunoslar ham mavzuda ko‘tarilgan muammolar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Olimlar ushbu tadqiqot ishini hamkorlikda davom ettirishga kelishib oldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati.