Kompyuter va mobil telefonlarning salomatlikka salbiy ta’sirini bilasizmi?

Ilm-fan sohasi tez sur’atlarda rivojlanayotgan XXI asr – axborot texnologiyalari va intellektual salohiyat asri sifatida e’tirof etilayotgani bejiz emas. Axborot almashinuvi jarayonlarining takomillashuvi natijasida televideniye, radio va matbuot nashrlaridan tashqari yana bir mukammal tizim  - internet hayotimizga kirib keldi. Telekommunikatsiya sohasidagi qulay, tezkor va zamonaviy usullardan biri bo‘lgan bu tarmoq imkoniyatlarni yanada oshirdi. Undan istalgan ma’lumotni qisqa fursatda olish, foydalanish, bilimlarimizni mustahkamlashimiz va yangiliklardan xabardor bo‘lishimiz mumkin.

Ammo ushbu manbadan noto‘g‘ri foydalanish ayrim kishilar, ayniqsa, bolalarda murosasizlik, atrofdagilarga nisbatan befarq, shafqatsiz munosabatda bo‘lish, o‘z hissiyotlarini ustun qo‘yish kabi salbiy holatlar shakllanishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida kundalik turmushda kutilmagan muammo va ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqaradi.

Davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadlaridan biri yosh avlodni jismonan va ruhan sog‘lom, aqlan barkamol qilib voyaga yetkazish, ularni kelajagimizning munosib vorislari etib tarbiyalashga ko‘maklashishdan iborat ekan, bu borada hammamiz farzandlarimiz tarbiyasi uchun birdek mas’ul bo‘lishimiz lozim.

Shu nuqtai nazardan farzandingizni kompyuter oldida bir soatdan ortiq o‘tirmaslikka o‘rgating. Monitor orasidagi oraliq masofa 50 santimetrdan kam bo‘lmasligi zarurligini ta’kidlab turing. Shuningdek, uning oldida ko‘p vaqt va noto‘g‘ri o‘tirishi umurtqa pog‘onasining qiyshayishiga olib keladi. Kompyuterdan foydalangandan so‘ng jismoniy mashqlar bajarib turish kerak.

Mobil aloqa telefonlariga kelsak, bu o‘zidan elektromagnit to‘lqinlari tarqatadi. Shuning uchun mobil telefonlarini 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga berish, u bilan uzoq muddat gaplashish mumkin emas. Bolalarga telefonlarni yurak sohasi atrofida olib yurmasliklarini tayinlang. Undan chiqayotgan nur miya faoliyati, eshitish, sezish  qobiliyatiga salbiy zarar yetkazishini ta’kidlab turing.

Axborot texnologiyalari vositalaridan to‘g‘ri foydalanaylik va o‘zimiz, farzandlarimiz sog‘ligini asraylik.

Yaxshinor ALLAYOROV,

Samarqand davlat tibbiyot instituti dotsenti.