Konchilarga qadrli til

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining janubiy kon boshqarmasi tizimidagi “Zarmitan” oltin konida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda janubiy kon boshqarmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Shavkat Kengboyev mavzu yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.

- Prezidentimiz aytganidek, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz, - dedi Sh.Kengboyev. - Chunki o‘zligini tanigan har bir millat ona tili va adabiyotini asrab-avaylaydi, uning rivoji yo‘lida bor kuch-salohiyatini safarbar etadi. Bugun boshqarma tarkibidagi barcha bo‘linmalarda ham davlat tilining nufuzi va mavqeini oshirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish va qimmatbaho qazilma boyliklarni o‘zlashtirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgani hamda “Davlat tili haqida”gi Qonunda tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida keng imkoniyatlar yaratilgan.

Darhaqiqat, til har bir millat madaniyatining o‘zagi. Tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat va an’analarni saqlaydi. Shunday ekan, barcha qatori konchilar ham o‘zbek tilini qadrlashi kerak va shart.

Janubiy kon boshqarmasi axborot xizmati.