Konfessiyalar kengashi yig‘ilishida muhim masalalar muhokama qilindi

Joriy yil 30 iyun kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada Konfessiyalar kengashining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda turli din vakillari o‘rtasida hamjihatlik aloqalarini yanada yaxshilash, konfessiya vakillari tomonidan tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, aholi o‘rtasida bag‘rikenglik g‘oyalarini mustahkamlash, shuningdek yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi QonunKengash a’zolari tomonidan muhokama qilindi.
Ushbu Qonun xalqaro hujjatlar, shu jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, BMT va YeHXTning tegishli normativ hujjatlariga tayanilgan holda ishlab chiqilgani alohida qayd etildi.
Shuningdek, Qonun loyihasiga kiritilgan bir qator yangi moddalar haqida Kengash a’zolariga batafsil ma’lumot berildi va o‘zaro fikr almashildi. Ular quyidagilardan iborat:
– din sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarianiq belgilab berilishi;
–diniy tashkilotlarning huquqiy maqomi, ularning huquq va burchlari xususidagi qo‘shimcha moddalar kiritilishi;
– diniy tashkilot ta’sischilari sonining 100 nafardan50 nafarga qisqartirilishi;
– diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida ta’sis hujjatlarining notarial tartibda tasdiqlash amaliyotining bekor qilinishi;
– diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etishning aniq asoslaribelgilanishi;
– ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ (adliya idoralari)ning diniy tashkilot faoliyatini tugatish bo‘yicha vakolatining bekor qilinishi;
– diniy tashkilot faoliyatining faqat sud qarori asosida 6 oygacha bo‘lgan muddatga vaqtinchalik to‘xtatish amaliyotining kiritilishi;
– diniy tashkilotlar rahbarligiga O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lmagan shaxslarning nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishish amaliyotining bekor qilinishi.
Kengash a’zosi – Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari mitropolit Vikentiy bu borada shunday dedi:
– Kengashning ushbu yig‘ilishida faoliyatimiz uchun muhim bo‘lgan qator masalalarni muhokama qildik. Jumladan, yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun bo‘yicha ham o‘zaro fikr almashdik. E’tirof etish kerak, bugun O‘zbekistonda biz uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Buning uchun, avvalo, O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildiramiz”.
Shuningdek, uchrashuvda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik masalasiga bo‘lgan e’tibor yildan-yilga kuchaytirilayotgani, bu, ayni paytda, O‘zbekistonning barcha sohadagi islohotlarida ham o‘z aksini topgani qayd etildi. Xususan, “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi yo‘nalishi, aynan, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash masalasiga bag‘ishlangani ham ularga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning yorqin namunasidir.
– Pandemiya sharoitida bizning salomatligimizni o‘ylab ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida bugungi uchrashuvda alohida suhbatlashdik. Biz ham ushbu talablardan kelib chiqqan holda, karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda o‘z ish faoliyatimizni olib bormoqdamiz. Konfessiyalar Kengashi yig‘ilishida ko‘plab masalalarni muhokama qildik, xususan, yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun haqida atroflicha ma’lumotlar oldik. Har bir bo‘lim va band bo‘yicha fikr almashdik. Albatta, bu kelgusi faoliyatimizni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi” – dedi, Rim-katolik markazi rahbari yepiskop Yeji Matsulevich.
Uchrashuv yakunida barcha diniy konfessiya rahbarlariga Konfessiyalar kengashi a’zoligi guvohnomasi topshirildi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Matbuot xizmati