Konstitutsiya bilimdonlari va faol targ‘ibotchi yoshlar Oliy Majlisga sayohat qildi
Samarqand viloyati hokimligi tashabbusi bilan Bosh Qomusimiz qabul qilinganligining 27 yilligi munosabati bilan viloyatdagi umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Konstitutsiya bilimdoni” tanlovi g‘oliblari, Saylov kodeksi mazmun-mohiyatini yoshlar o‘rtasida faol targ‘ib qilgan 50 nafar yoshlarning Toshkent shahriga sayohati uyushtirildi.
Samarqandlik yoshlar Toshkent yuridik universitetida bo‘lib, mazkur ta’lim muassasa talabalari uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi binosida “Konstitutsiya yoshlar nigohida” mavzusida Qonunchilik palatasi deputatlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Qo‘mita raislari, deputatlar J.Abdujalilov, I.Ilhomjonov, O.Abduazimov yoshlarga mamlakatimiz asosiy qonunining afzalliklari, Oliy Majlisdagi yoshlar komissiyasi to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.
Tadbirlar doirasida yoshlar O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov muzeyida ham bo‘lishdi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi binosida tashkil etilgan muzeyni tomosha qildilar. Shuningdek, maskanda “Yoshlarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgan dolzarb masalalar” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
G‘ofurjon BOBOBEKOV.