Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish kerakmi?
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan Samarqand viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Saloxiddin Nuriyev «Adliya a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
S.Nuriyevning Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish kerakmi-yo‘qmi, o‘zgartirish kiritilsa qanday foyda bo‘lish mumkinligi haqdagi fikrlari bilan quyida tanishishingiz mumkin.
***
- Salohiddin aka, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘tgan davr mobaynida o‘ndan ortiq o‘zgartishlar kiritildi. Uning boshqa davlatlar Konstitutsiyalardan farqli tomonlari nimalarda?
- Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi boshqa xorijiy mamlakatlar konstitutsiyalariga nisbatan keyinroq qabul qilingan bo‘lishiga qaramasdan bir qator jihatlari bilan ajralib turadi.
Birinchidan, Bosh Qomusimizda gender tenglik masalasida alohida modda ajratilgan. Masalan, Konstitutsiyamizning 46-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar” deyilgan.
Vaholanki, Konstitutsiyaning 18-moddasida O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi belgilab qo‘yilgan. Boshqa davlatlar konstitutsiyalarida ham ushbu umumiy norma belgilab qo‘yilgan, biroq xotin-qizlar va erkaklar tengligini ifoda etuvchi alohida norma yo‘q.
Ikkinchidan, Asosiy qonunimizda mahalla institutining mavjudligi boshqa davlatlarnikidan farqli jihatlaridan yana biridir. Jumladan, Konstitutsiyamizning 105-moddasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi sifatida mahalla institutiga alohida ta’rif berilgan.
Dunyoning ko‘pgina rivojlangan mamlakatalarida, jumladan Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Belgiya va Ruminiya va ko‘plab boshqa xorijiy mamlkatlarda mahalla instituti mavjud emas.
Shu o‘rinda ma’lumot uchun aytib o‘tish lozim, O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 15 oktyabrdagi Qonuni bilan Konstitutsiyamizning 105-moddasiga o‘zgartirish kiritilgandi. Unga ko‘ra, mahalla raislari va ularning maslahatchilari emas, balki faqat mahalla raislari fuqarolar yig‘ini tomonidan 3 yil muddatga (ilgari ikki yarim yil edi) saylanishi belgilandi.
Uchinchidan, oila institutiga Konstitutsiyamizda alohida bob ajratilgan bo‘lib, 14-bob “Oila” deb ataladi va jami 4 ta moddani (63-66-moddalar) o‘z ichiga oladi.
AQSh, Avstriya, Fransiya, Daniya, Norvegiya, Niderlandiya kabi davlatlar konstitutsiyalarida oila haqida qoida berilmagan. Ayrimlarida esa bu masala umumiy qilib bir yoki ikki moddada mustahkamlangan, xolos.
Masalan, Gretsiya konstitutsiyasining 21-moddasida oila millatning saqlaniish va rivojlanishi poydevori sifatida, shuningdek, nikoh, onalik va bolalik davlatning alohida muhofazasida bo‘ladi, deb qayd etilgan. Belgiya Konstitutsiyasining 22-moddasida esa qisqagina - har kim xususiy va oilaviy hayoti hurmat qilinishi huquqiga ega, deb yozilgan. Germaniya Konstitutsiyasining 6-moddasida nikoh va oila alohida himoyada ekanligi qayd etilgan.
Yuqorida ta’qidlaganimizdek, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida esa alohida bob sifatida qayd etilgan. Har bir modda alohida ahamiyatga ega va ulardan 66-modda milliy mintaletitimizni aks ettishi va qator davlatlarda e’tirof etilgan. Unda “voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanliklari” mustahkamlab qo‘yilgan.
- Ayni kunlarda Bosh qomusimizga o‘zgartish kiritish haqida gap-so‘zlar ko‘paygan. Sizningcha, aynan qaysi moddalarga o‘zgartish kiritish zarurati tug‘ilmoqda? Nima uchun?
- To‘g‘ri, bugungi kunda konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida juda ko‘plab fikrlar yuribdi. Umuman olganda, jamiyatda ijtimoiy munosabatlar vujudga kelgan, o‘zgargan sari, ushbu munosabatlarni tartibga solish maqsadida qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritib boriladi. Ya’ni, bu tabiiy jarayon.
Shu ma’noda keyingi paytlarda guvohi bo‘lyapmizki, jamoatchilik nazoratida eng faol bo‘lgan qatlam - OAV vakillari, jurnalist va blogerlarga juda ko‘plab tahdid va turli ko‘rinishdagi tajovuzlar bo‘lmoqda.
Tan olishimiz kerakki, davlat boshqaruvi va hokimiyati organlarining samarali faoliyat yuritishida jamoatchilik nazorati omili juda muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat organlari rahbar-xodimlarining qonunlarga qat’iy amal qilib, o‘z zimmalaridagi vazifa va majburiyatlarini mas’uliyat bilan ado etishlarida bu institutning ta’sir doirasi nihoyatda yuqori hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning Bosh qomusimiz qabul qilinganligining 28 yilligi bayrami munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida “Bir haqiqat hammamizga ayon bo‘lishi kerak: barcha sohalarda amalga oshirayotgan islohotlarimiz qatori jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik, o‘zini o‘zi tanqid va demokratik yangilanish jarayonlari endi hech qachon ortga qaytmaydi va biz bu yo‘lni qat’iy davom ettiramiz”, degan fikrlarni bildirgan edi.
Shunday ekan buguni kunda OAV mustaqilligi, jurnalist va boshqa ijtimoiy tarmoq faollari, blogerlarning qonuniy huquq va manfaatlarining kafotlanishi konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topishi kerak deb hisoblayman.
- Bu amalda jamiyat va aholi uchun qanday naf keltiradi?
Ommaviy axborot vositalariga keng imkoniyatlar berilishi bu ta’sirchan jamoatchilik nazoratining amalga oshirilishiga sabab bo‘ladi. O‘z navbatida jamoatchilik nazorati davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikning ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birgalikda, mamlakatimizda “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyi asosida xalqimizni rozi qilish, ularning og‘irini yengil qilish borasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Jumladan, fuqarolarning davlat idoralariga murojaat qilish, davlat xizmatlaridan foydalanish borasida byurokratik to‘siqlar olib tashlandi.
Aholini bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kun tartibidagi asosiy masalaga aylandi.
Bir so‘z bilan aytganda, amalga oshirilayotgan bugungi islohotlar tom ma’noda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarining kafotlatlanishiga olib keladi.
Yoqubjon MARQAYeV suhbatlashdi.