Ko‘p millatli bir xalqmiz
Samarqand davlat universitetida 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan yurtimizda o‘tkazilayotgan “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi.
Millatlararo munosabatlar barqarorligini ta’minlash, millat va elatlarning etnik-madaniy o‘ziga xosligini saqlash, jamiyatda millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va tinchlikni yanada mustahkamlash hamda turli salbiy illatlarning oldini olishga qaratilgan tadbirda viloyatda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar vakillari, yoshlar ishtirok etdi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sohibnazar Boymurodov, Samarqand davlat universiteti birinchi prorektori Subhon Abbosov, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov va milliy madaniy markazlar vakillari yurtimizda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdilar.
- Samarqand qadimdan ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat markazi sifatida alohida e’tirof etilishi bilan birga turli millat va elatlar vakillari hamjihat yashab kelayotgan do‘stlik markazi hamdir, - dedi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sohibnazar Boymurodov. – Bugungi kunda viloyatda 11 ta milliy madaniy markaz va 1 ta do‘stlik jamiyati faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 22 ta noislomiy ibodatxonada turli millat vakillarining o‘z diniy marosimlarini ado etishlari uchun shart-sharoit yaratilgan. Rus xalqining “Maslenitsa”, tatar xalqining “Sabantuy”, koreyslarning “Chusok”, nemis xalqining “Super onaxonlar” kabi bayramlari viloyatda keng nishonlanib kelinmoqda. Umuman olganda, viloyatimizda mavjud barcha millat va elat vakillarining o‘ziga xosligini saqlash, milliy urf-odat va an’analarini davom ettirishlari uchun barcha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilgan. Eng muhimi, ular ham o‘zlarini O‘zbekiston hududidagi boshqa xalq sifatida emas, balki shu yurtning koreysi, rusi, polyagi va boshqa millatlar vakillari hisoblashmoqda.
Tadbirda turli millat va elat vakillarining kuy-qo‘shiqlari, she’rlari namoyish etilib, ular orqali o‘zaro hamjihatlik, do‘stlik rishtalarining mazmun-mohiyati tarannum etildi.

– Biz turli millat va elat vakillaridan iborat bir xalqmiz, vatanimiz O‘zbekiston, buni hech birimiz inkor etmaymiz va bundan g‘ururlanamiz, - deydi “Polonez” polyak milliy madaniy markazi raisi Tamara Tatarenko. – Samarqandlik polyaklar haqida gapiradigan bo‘lsam, o‘zbekistonlik polyakmiz. Millatimiz boshqa bo‘lsa-da, shu yurt fuqarosimiz va bundan qayerda bo‘lmaylik g‘ururlanamiz. Aslida, odam uchun haqiqiy millat bu insoniylikdir. Inson o‘zining qadr-qimmati, sha’ni qayerda ulug‘lansa, o‘sha yer uning uchun vatan. Biz, farzandlarimiz bugun shu zaminda o‘sib-ulg‘ayib, o‘z o‘rnimizga ega bo‘ldik. Kelajak avlodimiz ham o‘zini shu yurtning to‘laqonli fuqarosi sifatida har tomonlama his etib yashashiga ishonchim komil.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari tomonidan turli tillarda she’rlar o‘qildi. Shuningdek, milliy madaniy markazlar vakillari hamda viloyatimiz san’at ustalari tomonidan Vatan, tinchlik, do‘stlik tarannumiga bag‘ishlangan qo‘shiqlar ijro etildi.