Koptok necha so‘m turadi, bir shisha aroq-chi?

Qachondir shu savolni o‘zingizga berib ko‘rganmisiz? Aslida javobi oddiy va tayindek tuyulgan bu savol zamirida katta ijtimoiy muammo turibdi.

Keling, xulosalarim asosli bo‘lishi uchun avval o‘zim guvoh bo‘lgan bir voqeani aytib beray. Yaqinda bir oshnam bilan suhbatlashib o‘tirgandik, 7 yoshli farzandi kelib past ovozda xarxasha qila boshladi. Dastlab e’tibor bermagan bo‘lsam bolakayga shapaloq tushishi bilan yakunlangan suhbatga qiziqdim.

- Ko‘rmaysanmi, bir haftadan beri koptok olib bering, deb holi-jonimga qo‘ymaydi, - deb o‘g‘lidan nolishga tushdi u. – Shoshilma, olib beraman, deganimga ko‘nmaydi. Nima emish, bunaqada ta’til tugagunchayam koptok keltirmas ekanman. He, o‘rgildim, sendaqa futbolchidan. Koshki, shu zormandayam arzonroq bo‘lsa, olib bersam.

Voqeaning qizig‘i shu kuni kechqurun yuz berdi. Negaki, to‘rt-besh tanishlarim bilan yig‘ilib qoldik. Bolalik qadrdonlar yig‘ilganini ko‘rib, o‘g‘li kunda-kunora so‘rayotgan koptokni qimmat, deb turgan do‘stimiz “obi zam-zam bizning hisobdan”, deb hali o‘tirmasimizdan ofitsiantga 200 ming so‘m uzatdi.

Rosti, bundan juda ajablandim. Nahotki, farzandi orzusidan aroq ustun bo‘lsa! Axir oshnam bu pulga o‘g‘liga professionallar foydalanishi mumkin bo‘lgan koptok olib bersa bo‘lardi-ku! Mayli, futbol o‘ynab chempion bo‘lmasin, ammo sport bilan shug‘ullanish, avvalo, sog‘lom bo‘lish, faol turmush tarzini boshlash uchun xizmat qilishini unga kim tushuntiradi? Qolaversa, o‘z nafsiga emas, balki farzandining kelajagiga xarajat qilish durustligini-chi?

Afsuslanganim, bugungi pandemiya sharoitida sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, jismoniy faol bo‘lish naqadar muhimligi oydinlashdi. Ammo u singari ayrim odamlar hamon “najot”ni nafsi-ammoradan izlamoqda.

Shu o‘y bilan o‘tirganimda xonamga hamkasblarimdan biri kirib keldi.

- Ish tugadi, ketmaysizmi?

- Ha, endi qaytsak ham bo‘lar.

- Bugun yo‘lda ikki six shashlik bilan, a?

Hamkasbimga javob qaytarmadim. Ammo Sizdan so‘ramoqchiman, Koptok necha pul turadi, bir shisha aroq-chi?

Fazliddin Ro‘ziboyev.