Ko‘rganlarim, kuzatganlarim: Qulay, xavfsiz, tezkor va zamonaviy transport tizimlari
Yaqinda Xitoyga safar qildik. Safarimiz davomida jami 2 949 kilometr, jumladan Pekin shahridan Sindao shahrigacha 691 kilometr, Sindao shahridan Usi shahrigacha 639 kilometr, Shanxay shahridan Pekin shahrigacha 1318 kilometr yo‘lni tezyurar poyezdda, Usi shahridan Chansin shahrigacha 129 kilometr yo‘lni avtobusda, Chansin shahridan Shanxay shahrigacha 172 kilometr yo‘lni minibusda bosib o‘tdik.
Avtovokzal, temir yo‘l vokzali, aeroportlardagi, avtomagistrallardagi qulaylik, tozalik va ozodalik yuqori darajada. Hattoki, hojatxonadagi bo‘sh xonalar ham elektron tabloda aks etib turadi.
E’tiborimni tortgan bir jihat, avtovokzal, temiryo‘l vokzali, aeroportlarda, shuningdek poyezdlarda yo‘lovchilar iste’mol uchun maxsus jo‘mraklar orqali tekin sovuq va qaynoq suv ta’minoti mavjud. Kutish vaqtlarida yoki poyezdda ketish chog‘ida qorni ochib qolsa yo‘lovchilar bemalol qaynagan suv bilan o‘zlarining tezpishar taomlarini (bizdagi “Rollton” kabi) tayyorlab, iste’mol qilib olishar ekan. “Sharq” yoki “Nasaf” poyezdlarimizda bir stakan qaynoq suv so‘rasangiz 15 ming so‘m evaziga “hozir-u nozir” qilishadi (bu narxdan tushgan hayratingizni nigohingizga qarab anglagan xizmatchilar vagon ijarasi, qaynoq suv tayyorlash uchun sotib olingan suv, uni sizga quyib bergan bir martalik idish va hokazolar haqida sizga tushuntirib berishadi).
Yana bir o‘rnak olsa bo‘ladigan jihati shu bo‘ldiki, poyezdlarda sizga tijoriy taklif etiladigan chanqoqbosdi ichimliklar va yengil tamaddi mahsulotlari shahar do‘konlari peshtaxtalaridagi narxlar bilan bir xil. Bizda esa poyezdlardagi narxlar 2-3 karra qimmat.
“Shanxay-Pekin” tezyurar temir yo‘l liniyasi. Loyiha qiymati 34,7 milliard dollarni tashkil etgan, uzunligi 1318 kilometr bo‘lgan ushbu liniya qurilishi 2008 yilda boshlanib, 2011 yilda foydalanishga topshirilgan. Uzunligi bo‘yicha “Pekin-Guanchjou” (2298 kilometr) va “Shanxay-Vuxan-Chengdu” (1814 kilometr) tezyurar temir yo‘l liniyalaridan keyin dunyoda 3-o‘rinda turadi.
Tezyurar poyezd liniya masofasini 4 soat 18 daqiqa davomida bosib o‘tadi hamda o‘z yo‘lida poyezd 244 ta ko‘priklar (shundan 164 kilometrlik “Danyan – Kunshan Grand” ko‘prigi dunyodagi eng uzun, 114 kilometrlik Langfan va Tsinsyan shaharlari o‘rtasidan o‘tuvchi “Tyanszin Grand” ko‘prigi dunyodagi ikkinchi eng uzun ko‘prik hisoblanadi) hamda umumiy uzunligi 16,1 kilometr bo‘lgan 22 ta tunnellardan o‘tadi. Yo‘l 321 ta seysmik, 167 ta shamol tezligi va 50 ta yomg‘ir datchiklari tomonidan nazorat qilib turilar ekan.
Mazkur tezyurar temir yo‘l liniyasi orqali har kuni soat 07:00 dan soat 18:00 gacha 90 dan ortiq poyezdlar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatarkan. Loyihada kuniga 220 ming yo‘lovchini tashish rejalashtirilgan bo‘lib, liniya ishga tushirilgach dastlabki oylarda o‘rtacha kuniga 165 ming yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, har kunlik yo‘lovchilar soni 2013 yilga kelib 230 ming, 2017 yilga kelib esa 500 ming nafardan ortgan.
Qarangki, ushbu liniya bilan raqobatlashish maqsadida aviakompaniyalar “Pekin-Shanxay” reyslari narxini 52 foizga pasaytirgan ekan. Bundan tashqari, eski liniya orqali yuk tashish hajmi yiliga 50 million tonnaga oshib ketgan.
Sherzod Suvonqulov.