Koronavirus KXDRga ham yetib keldi

Markaziy telegraf agentligi (KMTA) axborotiga ko‘ra, ehtimoliy bemor KXDR chegarasini «noqonuniy kesib o‘tgan». U uch yil oldin mamlakatdan chiqib ketgan qochoq bo‘lib, 19 iyul kuni Janubiy Koreyadan chegaradagi Keson shahriga kelgan. Undan olingan test noaniq natija bergan. Ayni vaqtda bemor qat’iy karantinga joylashtirilgan, u bilan aloqada bo‘lganlar aniqlanmoqda.

Kesonda karantin rejimi joriy etilgan, hukumat shahardagi tumanlarni bir-biridan alohidalagan.

Hodisa munosabati bilan KXDRda hukmron Mehnat partiyasi Siyosiy byurosining favqulodda yig‘ilishi chaqirilgan. Unda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In ham ishtirok etgan.

Hozirgacha mamlakatda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmagan. Xabarlarda Pxenyan xalqaro hamjamiyatga infeksiyani aniqlash testlari o‘tkazishda yordam so‘rab murojaat qilgani aytilgandi. 

Shu vaqtgacha KXDRdan tashqari, Osiyodagi yana bir davlat - Turkmanistonda koronavirusga chalinish holatlari rasman tasdiqlanmagan. Shuningdek, Afrikadagi bir necha mamlakat, okeandagi Kiribati, Marshall orollari, Mikroneziya, Nauru, Palau, Samoa, Solomon orollari, Tonga, Tuvalu, Vanuatu kabi kichik davlatlar koronavirusdan xoli hudud sifatida qolmoqda.