Koronavirus pandemiyasi osuda kunlarimiz qadri naqadar yuksakligini har daqiqada eslatmoqda

Hikmat izlaganga hikmat bu dunyo. Darhaqiqat, inson dunyoqarashi, yaralish mohiyati haqidagi tushunchasi va ruhiy kechinmalaridan kelib chiqib hayot sinovlarini turlicha qarshi oladi. Kimdir qiyinchilikdan iymon-e’tiqodi mustahkamlanib, muhim xulosalar qilsa, yana kimdir iztirobga tushib, ruhiy va jismoniy xastaliklar bilan o‘tadi. Aslida taqdir gardishi inson boshi uzra qay tomonga qarab aylanmisin, kishi o‘zini munosib tutgan holda, undan bir hikmatni o‘rganishi, hayoti uchun asqotadigan zarur saboqlarni o‘zlashtirishga intilishi lozim.

Xo‘sh, inson nega parvardigor tomonidan sinaladi? Bu haqda Qur’oni karimda sinov haqidagi ba’zi oyatlarni qisqacha o‘rganish orqali javob topishga intilamiz.

Oyatlarga e’tibor qaratsak, dunyoning yaratilishidagi asosiy hikmat –  bu sinov. Ya’ni, kim chin bandalik yo‘lidan boryapti, kim esa, to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishyapti. O‘tkinchi dunyo agar sinovlardan xoli, to‘la-to‘kis hayotdan iborat bo‘lganda edi bu Allohning insoniyatni yaratishdagi hikmatiga mos kelmay qolardi.

Sinovlar haqida fikr yuritganimizda quyidagi qimmatli xulosalarga kelishimiz mumkin.

Sinovlar odamiylikni o‘lchaydigan mezon

“Ankabut” surasining ikkinchi oyatida shunday deyiladi: “Odamlar: “Imon keltirdik”, deyishlari bilangina sinalmagan hollarida qoldiriladilar, deb o‘ylaydilarmi?!”.

Ushbu oyati karimada insondagi eng katta kamchiliklardan biri aytib o‘tilmoqda. Ya’ni, Allohga iymon keltirdim, endi hamma narsa o‘z-o‘zidan yaxshi bo‘ladi, ishlarim faqat o‘ngidan keladi, degan tushuncha noto‘g‘ri ekani, Alloh taolo hamma narsaning yaxshisini yomonidan, haqiqiysini soxtasidan ajratish uchun bu dunyoda sinov-imtihon qoidasini joriy qilib qo‘yganini bayon qilmoqda.

Zero, jamiyat orasida yashayotganlar farovonlik kunlarida ahil-inoq. Qiyinchilik vaqtida esa ayrimlarni o‘zi uchun qayg‘urib, o‘zgadan yiroq bo‘lishga harakat qilayotganiga guvohi bo‘lamiz.

Demak, sinovlar odamiyligimizning o‘lchovchi, haqiqiy mo‘min-musulmonmizmi yoki iymonimizda kamchilik bormi shuni ajratib beruvchi ilohiy mezondir.

Sinovlar sabrli bo‘lishga o‘rgatadi

Sinov yetganda, uning birinchi muolajasi sabr. “Baqara” surasining 155-oyatida “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz” deyilgach, uning ortidan (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)!” deb aytilishi musibat yetganda birinchi galda sabrli bo‘lish kerakligini uqtirmoqda.

Hadisi qudsiyda Alloh azza va jalla bunday marhamat qiladi: “Ey bandalarim, Men bandalar ichidan bir mo‘min kishini (biron musibat yetkazib) imtihon qilsam, u Menga hamd aytib sinovimga sabr qilsa, u o‘sha joyidan turganida onasi tuqqan kundagidek xato-gunohlaridan pok bo‘lib turadi”.

Musibat kelgach, biz har qancha betoqat bo‘lmaylik, uning soyasi Alloh xohlagan vaqtgacha boshimizdan ketmasligini chuqur anglashimiz lozim. Agar biz sabr qilib, shukrda bardavom bo‘lsak, qiyinchilikni o‘z foydamizga burgan, bundan dunyomiz uchun yaxshilik, oxiratimiz uchun zaxirani qo‘lga kiritgan bo‘lamiz.

 Musibat insonni toblaydi

Hayot sinovlardan holi bo‘lmasligi barchaga ayon haqiqatdir. Odatda birinchi kelgan sinov juda og‘ir tuyuladi. Vaqt o‘tishi bilan esa kishi unga moslashadi, irodasi mustahkamlanadi. Bu esa navbatdagi sinovlarning nisbatan yengil kechishini ta’minlaydi. Shuning uchun qiyinchilikning ilk damlarida sabr qilish o‘ta muhim sanaladi. Keyinchalik unga ko‘nikib qolish ham haqiqiy sabr hisoblanmaydi. Hadisi shariflarda bejizga “Haqiqiy sabr avvalgi zarba paytdagisidir” deyilmagan (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Luqmoni Hakim shunday degan: “Bolajonim! Oltin olov bilan sinaladi. Solih banda balo bilan sinaladi. Alloh bir qavmni yaxshi ko‘rsa, ularni balo bilan sinaydi. Kim rozi bo‘lsa, uning uchun rozilikdir. Kim g‘azab qilsa, uning uchun g‘azabdir”.

Abdulqodir Jiyloniy ham: “Ey o‘g‘lim, musibat-balo seni halok qilish uchun kelmaydi, sabringni sinash uchun keladi”, deb aytgan.

Sinov yetganda birinchi galda Alloh bilan aloqani mustahkamlash lozim

Sinov yetganda inson, avvalo Alloh bilan aloqani mustahkamlash, unga yanada qattiqroq bog‘lanishi kerak. Bu ham ilohiy ta’limot bo‘lib, yuqoridagi oyatning davomida “Ularga musibat yetganda: Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz, deydilar” (“Baqara” surasi, 156-oyat) deyish bilan musibat yetganda O‘ziga duo qilish, inson Uning mulki ekanini eslashi lozimligi ta’lim berilgan.

Bu duo Qur’oni karimda “Innaa lillahi va innaa ilayhi roji’uun”, deb talaffuz qilinadi va qisqacha “istirjo” deyiladi. Bizga yetgan musibat kattami yoki kichik, unga sabr qilib, istirjo aytishni odat qilishimiz kerak. Hadisi sharifda: Birortangizning oyoq kiyimi ipi uzilsa ham, istirjo‘ aytsin”, deyilgan.

Sinovga sabr qilishning eng buyuk mukofoti

Xo‘sh, sinovlarga sabr qildik, buning natijasida nimalarga erishamiz? Qiyinchiliklar ketadi, sabr qilganimiz uchun mukofot tariqasida ko‘plab ne’matlar bilan siylanamiz. Xususan, Qur’oni karimda “har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir” (“Sharh” surasi, 5-oyat.), deyilgan.

Shuning bilan birga turli ruhiy va jismoniy dardlardan o‘zimizni himoyalagan bo‘lamiz. Yana talay yaxshiliklarga erishishimiz mumkin. Lekin bu sabrning eng buyuk mukofoti emas. Sabrning eng buyuk mukofoti “Aynan o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag‘firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir” (“Baqara” surasi 157 oyat), deb sifatlangan bandalar safiga qo‘shilishdir. Ya’ni, sabrning eng buyuk mukofoti Allohning mag‘firati, mehribonchiligi va to‘g‘ri yo‘lga boshlashidir. Banda bundan ortiq mukofotga erisha olmaydi.    

Bugungi kunda dunyo ahli boshiga turli sinovlar kelmoqda. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi osuda kunlarimiz qadri naqadar yuksakligini har daqiqada bizga eslatmoqda. Biroq shuni unitmasligimiz kerakki, bu kasallik haqida qancha ko‘p o‘ylasak, undan bundanda ko‘proq hikmatlarni ilg‘ab olishimiz mumkin. Xususan, qator rivojlangan davlatlar kasallik oldida ojiz qolayotgan bir paytda davlatimizning unga qarshi qanday choralar ko‘rgani, shunday murakkab vaziyatda ham xalqni bee’tibor qoldirmasdan mehr-muravvat va g‘amxo‘rlik ko‘rsatgani, aholimizda esa, birdamlik va oliyjanoblik, o‘zgalar dardi bilan yashash hissi haligacha mustahkam ekaniga guvoh bo‘ldik. Eng asosiysi, Allohning cheksiz qudrat sohibi ekani va barcha narsa uning irodasiga bog‘liqligini yana bir bor  teran anglab oldik.

 Demak, bugungi sinovli kunlarda bizdan talab etilayotgan tartib-qoidalarga rioya qilib, o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘ymasdan, o‘zimizni ehtiyot qilsak va ozgina sabrli bo‘lsak, musibat ortidan albatta yorug‘ kunlarga yetamiz.

Usmonxon MUHAMMADIYeV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.