Koronavirus yuqtirib olgan bolalarda "Kavasaki sindromi" alomatlari paydo bo‘layotgani to‘g‘rimi?

Ushbu savolga AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva javob berdi:

➖“Kavasaki sindromi” genetik kasallik bo‘lib, u asosan 4-5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi.

Bu juda ham kam uchraydigan katta va mayda qon tomirlar o‘zgarishi, bola organizmining tizimli o‘zgarishi bilan kechadigan kasallik.

Bugungi kunda rivojlangan davlatlarda, Rossiya Federatsiyasi va qo‘shni Qozog‘iston davlatida ham bu sindromga o‘xshash holatlar bolalarda kuzatilayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Mamlakatimizda bu kasallik uchramadi, deyishimiz qiyin. Balki bolalarda kechgan o‘rta og‘ir turlarida bu kasallik belgilari o‘xshash holatlar kuzatilgan bo‘lishi ehtimoli bor.

Bizda bu sindrom uchradi, deyish uchun kasallik tasdiqlanishi kerak. Bugungi kunda bu sindromga o‘xshash holatlar aniq o‘z tasdig‘ini topmadi.  Biroq bu bizda kuzatilmaydi ham degani emas.  Kavasaki sindromiga o‘xshash kasalliklar bolalarda kuzatilishi va ko‘payishi ham mumkin.

Bu sindromga o‘xshash kasallikning kelib chiqishida koronavirus ta’sirida bola organizmida kechadigan kuchli yallig‘lanish uning immun tizimining kuchayishi, qon-tomirlar o‘tkazuvchanligining buzilishini keltirib chiqaradi:

🔻 bolaning tana harorati 5 kun va undan ortiq 38 darajadan yuqori bo‘ladi;

🔻 tanasida turli toshmalar toshishi kuzatiladi, qo‘llar kafti va tovonlar terisi ko‘chishi kuzatilishi mumkin.

Bola organizmida kechayotgan jarayonni og‘ir yoki yengilligiga qarab bu belgilar kuzatiladi. 

Ota-onalar bolalarda shamollash alomatlarining paydo bo‘lishi bilan poliklinikalardagi oilaviy shifokor yoki pediatrga murojaat etishi lozim.

Bu sindrom yurak miokardiga bo‘lgan ta’siri sabab miokardit kasalligini keltirib chiqaradi. Ba’zi hollarda bola organizmidagi kuchli immun reaksiya uning o‘limi sababchisi bo‘lib qolishi ham mumkin.