Koronavirusga qarshi dorini 170 million so‘mga noqonuniy ravishda sotayotgan shaxs ushlandi

Toshkent viloyatida koronavirusga qarshi «Remdesivir for Injection» dori vositasini dorixonadan tashqarida noqonuniy ravishda 170 million so‘mga sotayotgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarga ko‘ra, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda fuqaro J.A. tomonidan pandemiya sharoitida mo‘may daromad orttirish maqsadida koronavirus infeksiyasini davolash uchun foydalaniladigan «Remdesivir for Injection» nomli dori vositasini dorixona va uning filialidan tashqarida sotayotganligi aniqlangan. Ma’lum qilinishicha, J.A. mazkur dorining har bir qutisini 850 ming so‘mdan hisoblab, 200 qutisini 170 million so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruvda, J.A. «Remdesivir for Injection» dorilarini qayta sotish maqsadida fuqaro M.K.dan xarid qilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan J.A. va M.K. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 186(3)-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.