Koronavirusga qarshi qisqa muddatlarda tayyorlanayotgan vaksinalar qanchalik xavfsiz?
Dunyoning turli davlatlari koronavirus pandemiyasining navbatdagi xurujlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir vaqtda, ko‘plab mamlakatlarda COVID-19 ga qarshi vaksina namunalarini yaratish o‘z yakuniga yetmoqda. Qisqa muddatlarda yaratilgan vaksinalar qanday xavf tug‘dirishi mumkin? Tez orada koronavirus pandemiyasi ustidan g‘alaba qozonishga umid bormi?
Yevropa davlatlari pandemiyaning ikkinchi to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rish bilan bir qatorda, COVID-19 ga qarshi vaksina paydo bo‘lishini ham intizorlik bilan kutmoqda. Bir necha yuz minglab odamlarni hayotiga zomin bo‘lgan koronavirus ustidan qozoniladigan g‘alaba to‘g‘ridan-to‘g‘ri vaksina bilan bog‘lanmoqda.
Qachon dastlabki ishonchli dori-vositalari paydo bo‘lishi va COVID-19 ga qarshi vaksinadan nima kutish mumkinligi haqida, BMT qoshidagi Xalqaro vaksinalar institutining sobiq direktor o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, DiaPrep System Inc. prezidenti Mixail Favorov Euronewsga bergan intervyuda so‘zlab berdi.
- Rekord darajada qisqa muddatda yaratilgan vaksinaga qanchalik ishonsa bo‘ladi?
- Bu savolga javob berish juda mushkul, sababi bizda bu qadar qisqa muddatda vaksina tayyorlash tajribasi yo‘q. Ikkinchi tomondan, texnologiyalar sezilarli darajada o‘zgarayotganini barchamiz yaxshi tushunamiz, bundan besh yil ilgari imkoni bo‘lmagan narsalar, ayni vaqtda qisqa muddatlarda amalga oshirilmoqda.
Biroq eng katta muammo shundaki, xozirgi vaksina ulkan tijorat qismlardan iborat, shu sababdan ham bugungi kunga kelib vaksina sinovlari yakuniga yetkazilganini e’lon qilayotgan odamlar, faqatgina sinovning birinchi bosqichini nazarda tutmoqdalar. Vaholanki eng og‘ir kechadigan va eng ko‘p vaqt talab qiladigan jarayon, bu ikkinchi bosqich hisoblanadi. Bu “case control” o‘tash sinovi. U “vaccine trail” deb ataladi va bu sinov JSSTning barcha qoidalari asosida o‘tkaziladi. Kimda kim bu jarayonni qisqa muddatda o‘tkazishga xarakat qilsa, shunchaki xalqaro vaksina savdosi bilan shug‘illana olmaydi.
Shunday qilib, tasavvur qiling, 30 ming kishi Amerika vaksinasi bilan emlandi, yana 30 ming kishiga esa oddiy grippga qarshi navbatchi vaksina qilindi. Shu tariqa 60 ming kishi olti oy davomida nazoratda bo‘ladi: COVID-19 ga qarshi vaksina olgan odamlar bilan grippga qarshi vaksina olgan odamlar holatida qanchalik farq bo‘ladi, “efficacy” (natija) kuzatiladimi?
- Olti oy?
- Ha, olti oy atrofida...
- Ammo bu holatni joriy yilning oxiriga qadar vaksina taqdim etishga va’da berayotgan Moderna (AQSh vaksina ishlab chiqarish kompaniyasi) va boshqalar bilan qanday qilib taqqoslash mumkin?
- Biz siz bilan bu savolni muhokama qildikku (vaksina sinovlari haqidagi e’lonlar). Vaksina – bu juda qiyin biznes. Agar sizning vaksinangiz judayam yaxshi “efficacy”ga ega bo‘lsa (ya’ni, sinov vaqtida kasallikni oldini olishini ko‘rsata olsa) va emlanganlar guruhi orasida statistikasi yuqori bo‘lsa, aytaylik himoya yuz barobar yuqori bo‘lsa, o‘shandagina maxsus ruxsatnomaga ega bo‘lishingiz mumkin. O‘shandagina vakolatli idoralar: “siz tajribangizni oxirigacha davom ettirasiz, biz sizga ishlab chiqarishga ruxsat beramiz”, deyishlari mumkin. Biroq hali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kerakligini ham unutmang.
Umid qilamanki, vaksina aynan shunday ta’sirga ega bo‘ladi, biroq biz siz bilan faqatgina “efficacy”, ya’ni vaksinaning samaradorligi haqida suhbatlashdik. Salbiy ta’sirlar kuzatilishi yoki kuzatilmasligi – bu umuman boshqa masala.
- Vaksinaning xavfsiz ekaniga qanday ishonch hosil qilsa bo‘ladi?
- Vaksina xavfsizligi ko‘p marotaba va turli yo‘nalishlarda tekshiriladi. Dastlab jonivorlarda sinaladi, jumladan sichqon, quyon, maymun va shu kabi boshqa jonivorlarda... Ya’ni, bu bitta qandaydir tajriba emas. Ayni vaqtda bu ishlarning barchasi amalga oshirib bo‘lindi, agar unday bo‘lmaganda nazoratchi idoralar odamlarda sinov o‘tkazishga ruxsat bermagan bo‘lar edi.
Ammo 30 ming odam emlangandan so‘ng, javob topiladigan ayrim savollar bo‘ladi. Barchani tashvishga solayotgan asosiy savol shundan iboratki – bu anti tanachalar bor odamlarda “kasallik kechishining salbiy effekti”. Bu eng qo‘rqinchlisi. Nima uchun? Chunki anti tanachalar virusga emas, vaksinaga qarshi chiqadi. Ular qanchalik virus bilan yaqin va qanchalik virus oqsillari bilan to‘g‘ri keladi?
Bu amaliy savol, bu savolni laboratoriya sharoitida yechish judayam qiyin. Bu aynan katta sinovda (iikinchi bosqichda) yechiladi. Sizga shuni ishonch bilan aytishga jur’at etaman, bu jarayon yakuniga yetmagunicha kompaniyalar tomonidan ommaviy vaksina ishlab chiqarilishi to‘g‘risida gap ham bo‘lmaydi.
-U xolda ishonchli vaksina paydo bo‘lishini qachon kutsak bo‘ladi?
- Men sizga muddatlar haqida hech narsa deya olmayman, men bilmayman. Men ilgari ham aytganman, fikrimcha yanvar oylariga qadar vaksina tayyor bo‘lmaydi. Vaksina mavjud bo‘lmaydi emas, u ommaviy qo‘llanilishga tayyor bo‘lmaydi.
- (Rossiya Federatsiyasi) Bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova, vaksinani dastlabki yetkazib berilishi sentyabr oylarida amalga oshirilishi haqida aytgan edi. Birinchi navbatda shifokorlar va xavf guruhidagi odamlar emlanishi haqida ma’lumot berilgan edi. Gap nima haqida boryapti?
- Ular qaysi vaksina haqida aytganlarini men bilmayman. Agar ular Gamalei instituti vaksinasi haqida aytishgan bo‘lsa, u holda hozircha hech kim menga uning samaradorligini isbotlab bergani yo‘q, shu sababli u (Golikova) kimnidir o‘z himoyasiga olganligi haqida men fikr bildira olmayman.
Men hozircha bironta ham, chop etilgan tadqiqotni, kechirasiz, lekin maymunlarda olib borilgan tadqiqotni ham ko‘rganim yo‘q. Ular shunchaki odamlardan boshlashdi.
...Agar ishonchli, asoratlarsiz ta’sir qiladigan vaksina paydo bo‘lsa, men birinchilardan bo‘lib bu vaksinani qabul qilishga rozi bo‘laman.
Bekzod MUSURMONOV tarjimasi.