Samarqand shahrida o‘quvchi, talaba, pensionerlarga jamoat transportidan foydalanishda imtiyoz berildi

Viloyat transport boshqarmasi xabariga ko‘ra, imtiyozlar kecha, 25 noyabrdan kuchga kirgan. Shu sanadan boshlab jamoat taransportlari uchun ijtimoiy kartalardan o‘quvchilar, talabalar va nafaqadagilar (imtiyozli toifalarga kiruvchi yo‘lovchilar) uchun belgilangan qoidalarga mos tarzda foydalanish yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu kartalar O‘zPost pochta bo‘linmalarida sotiladi. Misol uchun, yo‘lovchi mazkur kartalar orqali 140 ming so‘mga bir oylik limit sotib olsa, yuqorida ko‘rsatilgan yo‘lovchilar 50 foiz chegirmadan foydalanib, 70 ming so‘mga oylik limit olishadi. 

Ma’lumot uchun, o‘tgan yil sentyabr oyida Samarqand shahrida jamoat transportini takomillashtirish to‘g‘risida viloyat hokimi qarori e’lon qilingandi. Mazkur imtiyoz ana shu hujjat asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, qarorda boshqa imtiyozlar ham to‘liq ko‘rsatilgan.