Qo‘shqo‘rg‘ondagi otishma

Ilgari ham (2007, 2017, 2023 yillarda) mashhur xalq qahramoni Namoz botir haqida turkum maqolalar e’lon qilgan edik.
Biroq 2021 yil yanvar oyidan buyon O‘zbekiston Milliy arxivi va O‘zbekiston Milliy kutubxonasining nodir qo‘lyozmalar bo‘limida bo‘lib, mavzuga oid manbalarni mukammal o‘rganish jarayonida Oqdaryo tumanida o‘sib-ulg‘aygan tarixiy shaxs Namoz Pirimqul o‘g‘lining qisqa va jangovar hayoti haqida ko‘plab ma’lumotlar to‘plashga muvaffaq bo‘ldim. Mustamlakachi chor hukumati askarlari bilan bo‘lib o‘tgan Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘idagi qonli to‘qnashuv ham o‘ziga xos ana shunday unutilmas voqealardan biridir.
1906 yil dekabr oyining oxirlari. Havoning qorli, qirovli kunlari edi. Namoz o‘z yigitlari bilan Dahbed volosti yaqinidagi Asanovot qishlog‘iga ketma-ket ikki marta kelganligi haqidagi mish-mishlar tarqaldi. Joydevona volostining Saydan qishlog‘i oqsoqoli Mo‘minbek Yo‘ldoshevning yuragiga g‘ulg‘ula tushdi. Chunki u avval ham Namoz yigitlarini hukumat qo‘shinlari bilan ta’qib etishda bir necha bor ishtirok etgan, biroq Namoz ularni chuv tushirib ketgan edi.
Joydevona volostining Beshkal qishlog‘idan bo‘lgan Mo‘minbek o‘zining volostnoylik mansabiga o‘tirish orzusini amalga oshirish uchun ko‘pdan beri Namozni hukumat qo‘shinlariga tutib berishda ular bilan yaqin aloqada bo‘lgan.
1906 yil 24 dekabr kuni u aholidan yig‘ilgan pullarni g‘aznaga topshirish uchun Samarqandga yo‘l oldi. Yo‘l-yo‘lakay Marg‘ilontepa qishlog‘i yaqinidagi yo‘lda (Dahbeddan 1,5 kilometr shimoliy g‘arb tomonda, hozirgi Mustaqillik qishlog‘i yaqinidagi tepalik atrofi) Mo‘minbek oqsoqol ikki nafar otliq yigitlarni ko‘rib qoldi. Otliqlarning xatti-harakatini zimdan kuzatgan oqsoqol ularni «Namoz va uning odamlari», deya taxmin qildi. Oqsoqol otliqlar e’tiborini o‘ziga jalb qilishdan cho‘chib, tezda ulardan uzoqlashdi. Ko‘p o‘tmay, Samarqandga yetib borgan Mo‘minbek ko‘rganlari haqida hukumat idorasiga xabar berdi. Shu kuniyoq kazaklarning ikki otryadi Dahbed va Urgut sud ijrochilari boshchiligida aytilgan joyga yuborildi. Yo‘lga chiqqan otryadlar kechqurun Dahbedda tunab, ertalab yo‘lga chiqdilar. Ular yo‘l-yo‘lakay Namoz va uning odamlariga boshpana berishi mumkin bo‘lgan qishloqlarni oralab o‘tdilar. Xorunj (ofitser) Kazansev va Dahbed volosti pristavi kapitan Oleynikov boshchiligidagi o‘n bir nafar jazo otryadi kazaklari shu tariqa iz olib, Dahbeddan 5-6 vyorst masofa (taxmiman 6 kilometr) uzoqlikda joylashgan Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘iga yaqinlashdilar.
Ertalab soat 8 edi chamasi. Kapitan Oleynikov yo‘l bo‘yidagi bir darvozada ustiga yuk ortilgan otni ko‘rib qoldi. Shubhalangan kapitan otini shu tomonga tezlatdi va orqada qolgan kazaklarni tezroq harakat qilishga buyurdi. Kapitan adashmagan edi. Ular darvozaga yaqinlashganda kapitan shu ko‘chaning oxirrog‘ida qishloqni ikki qismga ajratadigan xiyobonda yugurib ketayotgan bir odamni ko‘rib qoldi. Kapitan Oleynikov bu odamni kuzatuvchi qorovul bo‘lsa kerak, deb taxmin qildi. Keyinchalik bu taxmin ham to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Bu odam Uzoq Xo‘jayorov bo‘lib, Namoz va uning yigitlarini xavf-xatardan ogohlantirish uchun qo‘yilgan qorovul edi. Bu paytda Namoz va uning odamlari Hamroqul degan kishining mehmonxonasida choy ichib o‘tirishardi. To‘satdan kazaklar kelib qolganini ko‘rgan qorovul qo‘rqqanidan qo‘shni Oynaqo‘rg‘on qishlog‘i tomon qochib qolayotgan edi (hozir bu qishloq tugatilib ketgan). Otdan tushib, darvoza tomon 60 qadamcha yugurib borgan kapitan Oleynikov hovlida bir nechta mahalliy odamlarni ko‘rdi. Ulardan kichkina bo‘ylisi darvozaning chap tomonidagi devorga yopishib olib "3" markali miltiqdan ikki marta o‘q uzdi. O‘qlar kapitanning boshi uzra uchib o‘tdi. Shu payt kapitan o‘ziga tanish bo‘lgan Namozning odami Sherniyoz Xudoynazarovni ko‘rdi. U darvoza oldiga yugurib kelib, kapitanning ortidan kelayotgan ikki kazakka qarata ov miltig‘i – "Berdanka"dan ikki marotaba o‘q uzdi (keyinchalik bu darvozadan to‘rtta "3" markali miltiq gilzasi va 2 ta ov miltig‘i topildi). Otilgan o‘qlardan kazak Xarchevning shlyapasi teshilib, Kulaginning shlyapasi boshidan uchib ketdi.
Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘i tor xiyobon bilan ajralgan ikki qismdan iborat bo‘lib, sakkiz burchakli uzun qo‘rg‘on ichidagi kattagina maydonning har joy-har joyida ikki-uchtadan turli hajmdagi uy va kulbalar hamda qo‘rg‘onning asosiy qismi hisoblangan ikkinchi tomonidan katta-kichik hajmdagi bir-biriga ulanib ketgan 12 ta xonadon mavjud edi.
Kapitan Oleynikov kazaklarga muyulishdagi uylarni egallashni buyurib, o‘zi uch kazak bilan birga ichkarida binolari bo‘lgan darvoza tomon harakatlandi. Namoz va uning yigitlarini aylanib o‘tib, uydagilarni iskanjaga olishni rejalashtirgan kapitan va uning askarlari kulbalar teshigidan qasoskorlar tomonidan to‘xtovsiz o‘q otish bilan kutib olindi.
Shu vaqtning o‘zida muyulishdagi kulbalardan ham kazaklarga qarshi tinimsiz o‘q otilayotgan edi. Shu payt kapitanning keyingi muyulishda yelkasiga miltiq osib, ot choptirib ketayotgan chavandozga ko‘zi tushdi. Kapitan unga qarata uch marta o‘q uzdi. Chavandoz oti bilan birga yerga yiqildi. Biroq u o‘rnidan turib, tezda piyoda qocha boshladi. Kapitan Oleynikov unga qarata yana bir nechta o‘q uzdi. Namozning binolar ichidagi yigitlari bilan ham kuchli otishma davom etayotganligi sababli qochayotgan kishini ta’qib etishning iloji yo‘q edi. Otishma to‘xtovsiz bo‘layotganligidan qancha odam o‘q uzayotganligini bilib bo‘lmasdi. Bunday vaziyatda Namozning qurshovdan chiqib ketishini bilgan kapitan Mo‘minbek Yo‘ldoshevni chaqirib, qo‘shimcha kuch va o‘q-dori yuborishini tayinlab, Samarqandga jo‘natdi.
Kunduzgi soat 12 ga borib, Dahbed volosti boshqaruvchisi mulla Bo‘lak Allamurodov o‘zining bir qancha qurolli yigitlari bilan to‘qnashuv joyiga yetib keldi. Yo‘ldoshev Samarqandga ketayotib, Zarafshon bo‘yida ularni ham xabardor qilishga ulgurgan edi. Allamurodov qasoskorlar joylashib olgan binolardagi aholini, shu jumladan, bolalar va ayollarni tashqariga chiqib, xavfsiz joyga o‘tishlarini buyurdi. O‘q ovozlari biroz pasaygach, Allamurodov o‘zi bilgan va birma-bir tekshirilgan 20 nafar mahalliy aholini voqea joyidan boshqa yerga o‘tkazdi. Shu payt ofitser Kazansev boshchiligidagi kazaklar to‘rtta hovlini Namozning odamlaridan tozalashganligini aytishdi. Allamurodov qishloq chetidagi darvozali hovliga kirib, kulba ichidan Namozning yigiti Ochil Mullajonov (Jonxo‘rozov)ni olib chiqdi. Ochil uni o‘ldirmasliklarini so‘rab, buyurilgan joyga o‘z ixtiyori bilan borishni aytgan. Ochil Mullajonov u yerdan olib chiqilganda uning qo‘lida qurol yo‘q edi. Vaholanki, u joylashgan kulbadan miltiq otilib turgan. Uning qurolini qayergadir yashirishga ulgurgani aniq edi.
Kazaklar yaqin atrofdagi kulbalarning tomlariga chiqib, otishmani davom ettirdilar. Kazaklarga ham turli kulbalar, og‘ilxona va boshqa joylardan o‘qlar otib turildi. Og‘ilxonalarning biridan bir nechta o‘ldirilgan otlar orasidan boshiga o‘q tegib halok bo‘lgan Juman Bolibekovning jasadi topildi. Shu joydan topilgan qopning ichidan 5-6 ta to‘pponcha, bir nechta qurol-aslaha hamda katta miqdordagi "3" markali miltiq patronlari bor edi. Birin-ketin taslim bo‘lib chiqqan qasoskorlarda esa bor-yo‘g‘i 30 dona o‘q bor edi. Qo‘lga olinganlar 5 nafar - Xudoyberdi O‘tashev, Qurbonboy Otniyozov, Qarshiboy Sultonov, Shoamin To‘xtamishev va Avazqul Oqmirzayev bo‘lib, oxirgi ikkalasi yarador edi. Taslim bo‘lishdan avval kazaklar og‘ilxonaga somon tashlab o‘t qo‘ygach, ular yupqa devorlarni ag‘darib, ikkinchi va uchinchi og‘il va kulbalarga o‘tib ketavergan. Yettinchi hovliga o‘tib joylashgan Namozning yigitlari tomda turib, uni buzishga harakat qilgan kazaklarni o‘qqa tutadi. Kazaklar tezda tomdan tushadi va eshik oldiga kelgan kazaklardan biri Korchagin: "Namoz! Endi qocha olmaysan, taslim bo‘l!", deb baqiradi va ichkariga kirib Namozni tutib chiqmoqchi bo‘ladi. Shunda eshik sal ochilib, Namoz shashti baland bu kazakni peshonasidan otib tashlaydi. Kazak Korchagin shu zahoti o‘ladi. Shundan so‘ng eshik yana sal ochilib, ichkaridan bir qo‘l chiqadi va Korchaginning yerda yotgan miltig‘ini uy ichiga tortib oladi. Korchagin o‘ldirilganidan so‘ng birorta ham kazak eshikka yaqinlasha olmaydi.
Shundan keyin og‘ilxonadan uchta "3" markali miltiq, ov miltig‘i va to‘pponchalardan to‘xtovsiz o‘q otilib turdi. Kunduzi soat uchga borib ofitser Jigulevsev o‘ttiz nafar kazak bilan shahardan yetib keldi. Yordamchi kuchlarning ba’zilari qo‘rg‘on atrofini o‘rab olishga, ba’zilari esa otishma davom etayotgan qaynoq nuqtaga tashlandi. Kelganlardan biri mahalliy ovchilardan bo‘lib, shu otishma ostida kazak Korchaginning jasadini sudrab olib chiqib ketdi (bu ishni ovchi kapitan Oleynikov yoki volostnoy Allamurodov topshirig‘iga ko‘ra amalga oshiradi).
Bu paytga kelib, Namoz va uning qarshilik ko‘rsatayotgan 2-3 nafar yigiti qolgan edi, xolos. Hukumat qo‘shinlaridan esa yetib kelgan qo‘shimcha kuchlar bilan birgalikda oltmish nafardan ortiq qurollangan askar bor edi. Kuchlar teng emasdi.
Harbiy boshliqlar kengashib, Namoz va uning yigitlarini ochiq jang bilan qo‘lga olishning imkoni yo‘q, degan xulosaga kelishadi. Shundan so‘ng kazaklar og‘ilxonaning eshigi oldiga somon tashlab, o‘t qo‘yishni boshladi. Bir nechta kazaklar tomga chiqib, tomni buzishdi. Maqsadi tomdan ichkariga yoqilgan somon tashlash edi. Biroq, tomning ichidan yana kazaklarga qarata o‘q uzish boshlandi. Kazaklar darhol tomni tark etishga majbur bo‘ldi. Bu ishning natijasiz ekanligini ko‘rgan Oleynikov yana og‘ilxona eshigi oldiga va ichkariga yondirilgan somon tashlata boshladi. Namoz va uning yigitlarini yana taslim bo‘lishga da’vat etishdi. Volostnoy Allamurodovning tashabbusi bilan chaqirilgan bir nechta qishloq oqsoqollari ham tomga chiqib, Namoz va uning yigitlariga taslim bo‘lishni aytishdi. Ammo ularning bu takliflariga Namoz va uning yigitlari kuchaytirilgan o‘q ovozlari bilan javob qaytarishdi. Keyin og‘ilxona eshigi bir necha soniyaga ochilib, yana yopildi va ichkaridan dahshatli baqirish eshitildi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, ichkaridagilar bilan birga bo‘lgan uy egasi Tamom Eshiyev kazaklarga eshikni ochib bermoqchi bo‘lganligi uchun Namoz tomonidan otib tashlangan.
Namoz va uning yigitlari uchun hayot-mamot jangi ketayotgandi. Bunday paytda oqsoqollarning taklifiga ham, uy egasining xiyonatiga ham murosa qilishning imkoni yo‘q edi.
Tashlangan somonlar yonib, tutun ichkariga urgach, ichkaridan otilayotgan o‘q ovozlari bir muddat to‘xtadi. Ofitser Kazansev kazak Korchaginning o‘limi haqida Samarqand shahriga xabar yubordi va kun bo‘yi hech narsa yemagan, charchagan kazaklar hamda ularning otlarini almashtirishni boshliqlardan so‘radi. Shu bilan birga, piroksilinli portlatuvchi mushak-bombalar yuborishni iltimos qildi. Yong‘in butun og‘ilxona va kulbalar bo‘ylab tarqaldi. Otishma tunda kamroq kuch bilan davom etdi. Ertalab soat uch atrofida zobit Livkin o‘zi bilan bomba-mushaklar va 20 nafar kazak askarini olib yetib keldi. Ertalab soat beshlarda kazaklar oxirgi og‘ilxona devorlari ortidan chiqqan mahalliy yigitni qo‘lga olishdi. Uni zobitlar oldiga olib borib so‘roq qilishganda, u Namozning safdoshi Sherniyoz Xudoynazarov ekanligi ma’lum bo‘ldi. Uning gapiga qaraganda kechki payt u tashqariga chiqmoqchi bo‘lgan (ehtimol, u taslim bo‘lmoqchi bo‘lgandir) Sherniyoz ortga qaytmagach, Namoz uni otib, yarador qilgan. U hushidan ketgan va endigina o‘ziga kelganligini ma’lum qilgan. Sherniyozning so‘zlariga ko‘ra, Namoz oxirgi og‘ilxona yaqinidagi omborxona ostida bo‘lgan. Shunda Kazansev omborni portlatib yuborishga qaror qildi. Biroq omborxonada bug‘doy bo‘lganligi sababli u yerdan avval bug‘doy tashib chiqarildi. So‘ngra omborxona portlatib yuborildi.
Omborxona ko‘zdan kechirilganda, Namozning uch dona miltig‘i, bir nechta to‘pponcha, 100 dona "3" markali miltiq patronlari topildi. Portlatilgan ombor vayronalari qazib ko‘rilganda pol ostidan Korchaginning miltig‘i, "Brauning" miltig‘i va to‘pponcha, Namozga tegishli deb hisoblangan bolta topilgan. Lekin vayronalar ichida Namozning na tirigi, na o‘ligi topilmagan. Otishma bo‘lgan barcha joylardan topilgan o‘qotar qurollarning barchasidan o‘q uzilganligi aniqlandi. Namoz va uning yigitlari jami 500 ga yaqin o‘q uzganligi ma’lum bo‘ldi…
Shunday qilib, asirga olinganlar Ochil Mullajonov, Xudoyberdi O‘tashev, Qurbonboy Otniyozov, Qarshiboy Sultonov, Shoamin To‘xtamishev, Avazqul Oqmirzayev, Sherniyoz Xudoynazarov hamda yashirinishga ulgurgan Namoz Pirimqulovlar qurolli qarshilik ko‘rsatganlikda ayblanib, ularga "qoidabuzarlik to‘g‘risida"gi nizomning 262, 263-moddalari va 1459-moddaning 2-qismi bo‘yicha ayblov kiritildi.
Ayblanuvchilar o‘z aybiga iqror bo‘lmagan. Ular 1906 yilning 24 dekabr kuni bir-birini axtarib yoki tasodifan Qo‘shqo‘rg‘onda uchrashganliklarini, shuningdek, miltiq va to‘pponchalardan kazaklarga qarshi o‘q otmaganliklarini isbotlashga harakat qiladi. Ular "faqat Namoz va Jumandagina qurol bor edi", deya tergovchilarni ishontirmoqchi bo‘ladi. Vaholanki, to‘qnashuv yakunida topilgan barcha turdagi o‘qotar qurollardan ko‘plab o‘t ochilganligi va bo‘sh patronlar haqiqiy holatni ko‘rsatib turardi. Bundan tashqari, 2-Ural kazak polkining kazaklari Bizyanov, Sidorov, Kulagin, Kotelnikov, Xarchev, Biryukov, Uraksinsev, Gamaletdinov va prikaznoy (buyruqboz) Bizyanovlar Qo‘shqo‘rg‘on voqealari tafsilotlari haqida ko‘rsatma berib turgan edi.
Kazaklarga qarshi kim o‘q uzgan, degan savolga kelganda, kapitan Oleynikov bergan ko‘rsatmaga ko‘ra, Namoz, o‘ldirilgan Juman va Sherniyoz ekanligi ma’lum qilindi. Ammo otishmada Namozning hamma yigitlari ishtirok etganligiga shubha yo‘q. Buni turli kulbalar, og‘ilxona va boshqa joylardan to‘xtovsiz otilgan miltiq va to‘pponchalardan bo‘shagan patronlar ham isbotlab turardi. Otishmada qasoskorlar tomonidan qancha qurol-yarog‘ ishlatilganligini hech kim aniq bilmaydi. Chunki sodir bo‘lgan voqeadan keyin bu joylarni tintib chiqishda ishtirok etgan qishloq yigitlari orasida ham topilgan qurollarni bo‘laklab, har tomonga uloqtirgan odamlar bo‘lishi mumkin. Negaki, Namozga xayrixoh odamlar Qo‘shqo‘rg‘onda kam emasdi.
Bu voqeadan ikki kun o‘tib, Samarqand viloyati harbiy gubernatorining Turkiston general-gubernatoriga yuborgan dastlabki telegrammasida shunday deyiladi:
(Turkiston general gubernatori devoniga № 94.)
Samarqand uyezdida qo‘lga olingan qaroqchilar ishini harbiy sudda ko‘rib chiqish uchun yuborish haqida
Telegramma
Toshkent General-gubernatoriga.
Toshkent. Kattaqo‘rg‘ondan, 305, 70, 27, 9/38, 114.
27.12.1906 y.
15/62 445. qabul qilindi.
Shu oyning 25-sanasida Samarqanddan 15 chaqirim uzoqlikda paydo bo‘lgan Namoz to‘dasiga qarshi zobit boshchiligidagi kazaklar yuborildi. To‘da bilan otishmada 2 nafari o‘ldirildi va 9 nafari qo‘lga olindi. Ular orasida og‘ir yaralangan Sherniyoz ham bor. Kazaklardan bir kishi o‘ldi. Qo‘lga tushganlar qamoqxonaga zanjirband etildi. Ularning orasida Namozning o‘zi yo‘q. Taxminlarga ko‘ra, uning jasadi peroksilin bilan portlatilgan karvonsaroy xarobalari ostida qolib ketgan. Tafsilotlar qo‘shimcha ravishda ma’lum qilinadi.
(O‘zbekiston M.A.F.I-1.ro‘y.4.y.jild. 1070, 2-bet).
NR 12930.=Gubernator Gesket=1
Shoshilinch telegramma
Turkiston General gubernatori devoniga.
M.V. Samarqand viloyati harbiy gubernatori viloyat boshqaruvi.
Bo‘lim 1.
Stol 1.
№ 1502. 24 yanvar, 1907 y. Samarqand shahri.
Samarqand Okrug sudi prokurori o‘zining 1907 yil 20 yanvardagi 3 34 raqamli xati bilan Namoz Pirimqulov, Sherniyoz Xudoynazarov va boshqalarning jinoiy javobgarlik ishi 262, 263-bandlar va 1459-bandining 2-qismi bilan ayblanib, prokuror nazoratiga olinganligini ma’lum qiladi.
"Mening shu yilning 13 yanvaridagi 3 903 raqamli taqdimnomamga qo‘shimcha qilib ul Janobi Oliylarining devonini ushbu jinoiy ishni Okrug harbiy sudida ko‘rib chiqish uchun tegishli ko‘rsatmalar berishlarini va ayblanuvchilarni harbiy harakatlar davri qonunlariga ko‘ra jazolanishini so‘rayman.
Bosh shtab general-gubernatori, general-mayor: Gesket.
Gubernator yordamchisi polkovnik Susanin.
Maslahatchi: Y.Masson.
Ish yurituvchi: Imzo.
(O‘zbekiston M.A. F.I.-1, ro‘yxat 4. yig‘ma jild 1070, 10-bet)".
Qo‘shqo‘rg‘on voqeasidan keyin Namoz haqida turli xil mish-mishlar tarqaldi. Turkiston general gubernatorligining asosiy nashri bo‘lgan "Turkestanskiy vedomosti" gazetasining 1907 yil 12 yanvar sonida shunday deb yozadi: "Namoz kapitan Oleynikov va uning kazaklari qurshovidan xalos bo‘lgach, yaqin qishloqlarning biridan to‘g‘ri kelgan bir otni olib, Sirg‘ali tomonga jo‘nagan. Keyinchalik esa Kattaqo‘rg‘on uyezdining Xo‘jaariq volostidan yana ikkita ot sotib olgan va do‘stlarini to‘plab, Xatirchi tomonga ketgan. Ushbu qaroqchining qochib ketganligi haqida sartlar orasida turli ertakomuz gap-so‘zlar tarqalgan. Emishki, xonadonlar kazaklar tomonidan portlatilishidan avval Namoz o‘zining eng yaxshi 2 ta otini ruslar qo‘liga tushmasligi uchun o‘ldirgan emish, yana kulba egasini kazaklarga eshikni ochib bermoqchi bo‘lganligi uchun o‘ldirgan ekan, shuningdek, "Namoz, taslim bo‘l! Endi qocha olmaysan", deb baqirgan kazakni ham o‘ldirgan emish... ("Turkestanskiy vedomosti". 1907 yil 12 yanvar. № 6. 37-bet)".
Shundan so‘ng binolar ichidan eski-tuski kiyimlarni topib, kiyib olgan Namoz portlatilgan og‘il va xonadonlardagi yong‘inlarni o‘chirayotgan odamlar bilan aralashib ketib, go‘yoki boshliqlarning otlariga berish uchun og‘illarning biridan o‘zini beda olib borayotgandek ko‘rsatib, jo‘nab qolgan emish.
Yana shu gazeta o‘zining keyingi sonlarining birida shunday deb yozadi: "Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘idagi qamaldan keyin qo‘rqinchli Namoz Pirimqulov negadir jim bo‘lib qoldi. U haqida avvallari deyarli har kuni dadil qilmishlari to‘g‘risida eshitib turardik. Uni qo‘lga tushirish haqidagi umidlar shubha ostida qolmoqda. Negaki, mahalliy aholining uni tutishda yordam berishiga ishonch yo‘q. Bunga misol qilib o‘sha portlatilgan uylardagi voqealarni aytish ham mumkin. Bundan tashqari, mahalliy xalq orasida Namoz ijobiy qahramon sifatida qaralmoqda. Odamlar uning hayotimga xavf tug‘ilganda, o‘zini hayvon yoki jonivor qiyofasiga aylantirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lib qolishi haqidagi g‘ayrioddiy kuchga ega bo‘lgan afsonaviy shaxs sifatida qaraydilar va uning siyosiy mavqeini andijonlik eshonga qiyoslaydilar", deb yozadi. "Turkestanskiy vedomosti" gazetasi davom etib, "Bu so‘zlarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini aniqlamoqchi emasmiz, balki eng chekka qishloqlarda ham gapirilayotgan mish-mishlarni aytmoqdamiz, xolos".
"Turkestanskiy vedomosti" gazetasi Qo‘shqo‘rg‘on otishmasi to‘g‘risida yozgan xabarlarining yakunida shunday ma’lumotlarni beradi: "... Mahalliy xalq tinmay Namoz haqida gapirmoqda. Barcha choyxonalarda u haqida afsonalar tarqalgan. Odamlarning fikricha, u afsungar emish. U haqdagi so‘nggi hikoyalar quyidagichadir: "Kazaklar qurshovga olgach, Namoz og‘ir ahvolda qolgan. Qurshov halqasi tobora qisqarib borgan. Qiyin ahvolda qolgan safdoshlari ham birin-ketin asirga tushgan. Namoz oyog‘idan yaralangan edi. Kulbada faqat ikki kishi qolgan edi. Ularni to‘sib turgan oxirgi kulba devorlari ham portlatilavergach, Namozning o‘rtog‘i taslim bo‘lishni taklif qilgan. Bunga javoban Namoz o‘rtog‘ini otib tashlagan (bu Sherniyoz Xudoynazarov edi). Shundan keyin Namoz xonadan turli janda-junda kiyimlarni topib kiyib oladi va munkayib qolgan chol qiyofasida bir quchoq bedani qo‘ltiqlab olib kazaklarning otlari tomon boraveradi. Tez orada "qariya" kazaklarning e’tiboriga tushgan. Ular "qishloq odamlarini Namozdan qutqarayotganligimiz uchun minnatdorchilik sifatida otlarimizni boqmoqda", degan fikrga kelishgan. Chol esa otlarga yemish tashlab-tashlab, sekin ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. Og‘illar portlatilib bo‘lingach, Namoz vayronalar ostida qolib halok bo‘ldi, degan fikrga kelingan. Biroq vayronalar ostida Namozning na tirigi, na o‘ligi topilmagan" ("Turkestanskiy vedomosti" gazetasi. 1907 yil 2 fevral, № 18. 115-bet).
Allohga tavakkal qilib, bunday qaltis vaziyatdan ustalik bilan sog‘-omon qutulib chiqqan Namoz qo‘shni Jarqishloq - o‘zining jonajon qishlog‘i tomon shoshar edi. Jarqishloqqacha bo‘lgan masofa bir kilometr chamasi bo‘lib, u yerga yetib olsa, ot ulovsiz qolmasligi aniq edi. Qo‘shqo‘rg‘ondan chiqib, Jarqishloq tomon ozroq yurilsa, katta qabriston bor. Jarqishloqqa olib boradigan asosiy yo‘l ham, ariq ham shu qabristonning chetidan o‘tgan bo‘lib, yo‘lning har ikkala tomoni qalin yovvoyi dov-daraxtlar bilan qoplangan va u yerdan uncha-buncha odam hatto kunduz kuni o‘tishga seskanardi (1984 yilda yo‘l va ariq boshqa joydan o‘tkazildi - I.O‘).
Namoz yo‘l chetidagi ariq ichidan shitob bilan borarkan, Jarqishloq tomondan ot choptirib kelayotgan ikki otliqqa duch keladi. Namoz chaqqonlik bilan ularning qarshisiga chiqib, otliqlarning birini to‘xtatib qolishga ulgurdi. Otning jilovini mahkam tutib olgan Namoz yigitdan otini berishini so‘radi. Dastlab juldur kiyimdagi odamning qabriston ichidan otilib chiqib, paydo bo‘lishi otliqlarning o‘takasini yoradi. Tong qorong‘usida Namozni tanimagan hamqishloqlari unga rad javobini beradi. Shunda Namoz bir hamla bilan yigitni yerga ag‘daradi va bir sakrab otga minadi-da, voqea joyidan g‘oyib bo‘ladi…
Bir otini Namozga oldirgan ikki hamqishloq shalvirab portlatishlar bo‘layotgan joyga yetib keldi va Namozning allaqachon jo‘nab qolganligi haqidagi xabarni yetkazdi. Biroq, saksondan ortiq qurollangan harbiylar halqa qilib o‘rab turgan joydan bir kishining hammani dog‘da qoldirib chiqib ketishini tasavvuriga ham sig‘dira olmagan ma’murlar, harbiy boshliqlar bu gapga ishonmaydi. Chunki ular Namozni portlatilayotgan bomba-mushaklar tufayli vayron bo‘lgan devorlar ostida qolib halok bo‘ldi, degan tasavvurda edi. Qolaversa, bir sutkalik otishma, sovuq va ochlikdan sillasi qurigan amaldoru kazak askarlari ham bu tomoshani tezroq yakunlab, issiq joylariga qaytishni sabrsizlik bilan kutayotgan edi.
Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan bu to‘qnashuv Turkiston o‘lkasining "Turkiston viloyatining gazetasi, (1907 yil 6 yanvar. № 2. 2-bet), "Russkiy Turkestan" kabi markaziy gazetalarida va mahalliy gazetalarda to‘liq yoritildi. O‘sha yillarda Turkistonda yashovchi rus va rus tilida so‘zlashuvchi aholi orasida ham Namozga xayrixoh odamlar ko‘p edi. Ular Namozning bir-biridan qiziqarli jasurona sarguzashtlari haqidagi xabarlarni o‘qish uchun kundalik gazetalarni sabrsizlik bilan kutar edilar. Endi Namoz haqida Turkiston o‘lkasining hamma joyida gapirishar, hatto "Turkestanskiy vedomosti" gazetasining yuqorida bergan ma’lumotiga ko‘ra, odamlar choyxonalar, bozorlar, ko‘cha-ko‘y, to‘y-ma’raka-yu, barcha yig‘inlarda Namozning sarguzashtlari haqida gapirardi. Ha, Namoz o‘zi bilgan-bilmagan holda XX asr boshlarida Turkistondagi eng mashhur shaxsga aylanib ulgurgan edi. Bu inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat.
Darhaqiqat, Nurmon shoir Abduvoy o‘g‘li o‘zining "Namoz" dostonida aytganidek:
Samarqand shahrida davron surgandi,
Oldiga solgandi o‘ttiz mergandi.
Xufton bo‘la buzdi Kattaqo‘rg‘ondi,
Hech ko‘rmadik Namozdayin sultondi.
(O‘zbek poeziyasining antologiyasi, Nurmon Abduvoy o‘g‘lining "Namoz" dostoni. 216-bet, O‘zdavnashr. Toshkent – 1948 yil).
Samarqand uyezdi boshlig‘i yordamchisi, podpolkovnik Sokolskiy o‘zining 1907 yil 10 yanvardagi ma’ruzasida shunday deydi: "Hozirgi vaqtda Qo‘shqo‘rg‘ondagi kazaklar o‘rab turgan qurshovdan omadi kelib qutulib chiqib ketgan Namoz qishloq aholisi ko‘z o‘ngida deyarli afsonaviy shaxsga aylanib ketgan. Sharq xalqlari fantaziyasiga xos uning g‘ayriinsoniy holatlarini, ya’ni hayotiga nisbatan biror xavf-xatar tug‘ilganda, o‘zini hayvon yoki jonivorga aylantira olish qobiliyatiga ega ekanligi haqida gapirmoqdalar. Shubhasiz, bunday qarashlar shusiz ham uni izlab topishda bosh qo‘shayotgan kam sonli mahalliy aholi sonining yanada kamayib ketishiga olib kelmoqda. Shuning uchun Namoz o‘ziga yangi guruh (shayka) tuzib olishga erishsa, ularni yaxshi qurollantirib olsa, uni izlab topish va tutish hozirgidan ham qiyinroq bo‘ladi... Nahotki, - deydi u o‘z nutqida davom etib, - qachonlardir, qachonlardan ko‘ra hozirgi vaqtdayoq unga nisbatan mahalliylar ko‘z o‘ngida oshib borayotgan jozibadorlikni jilovlash vaqti kelmadi" (F.I.-18 ro‘yxat № 1. yig‘ma jild 14846. 53-bet).
Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘idagi to‘qnashuv yuzasidan sud hukmi 1907 yil 10-11 mart kunlari Samarqand shahrida, general-mayor Sokolov raisligida o‘tgan muvaqqat harbiy sud ochiq majlisi e’lon qilindi.
"1907 yil 10 va 11 mart kunlari Samarqand shahrida general-mayor Sokolov raisligida o‘tgan muvaqqat harbiy sud ochiq majlisida ishtirok etdilar:
Harbiy prokuror yordamchisi podpolkovnik Zakomelskiy va Guberna kotibi Sokolov hamda yetti kishidan iborat sudlanuvchilar ishtirok etishdi. Sudlanuvchi shaxslarga sud majlisi, qarori va hukm to‘g‘risida qachon, qay tartibda qanday shikoyat qilish tushuntirilgan. Sudlanuvchilarning ish hujjatlari mahalliy harbiy boshliqlarda qoldirilgan bo‘lsa-da, kassatsiya muddati davomida shikoyat qilmadilar.
Harbiy sudya general-mayor imzo chekdi:
Muvaqqat a’zolar:
Turkiston o‘qchi batalonlari:
Podpolkovniklar 3-Ginglyat, 6-Byalkovskiy va Galashevskiy va 3-Zirabuloq zaxira bataloni podpolkovnik Molchenko, Guberna kotibi Sokolov ishtirokida mahalliylar ishi bo‘yicha eshitildi" (F.I.-130. ro‘yxat 1. yig‘ma jild 3781. 1, 2,3, 4, 5-betlar).
"Turkiston o‘lkasi bo‘yicha buyruq № 35.
4 fevral, 1907 yil. Toshkent shahri.
...Turkiston okrug harbiy sudiga o‘zbeklar: 1) Ochil Mullajonov (Jonuzoqov) 33 yosh. 2). Xudoyberdi O‘tashev 21 yosh; 3) Qurbonboy Otniyozov 19 yosh; 4) Qarshiboy Sultonov 28 yosh; 5) Shoamin To‘xtamishev 25 yosh; 6) Avazqo‘r Oqmirzayev 28 yosh; 7) Sherniyoz Xudoynazarov 25 yosh.
Ular 1906 yil 25 dekabrda o‘qotar qurollari bilan qurollanib, Namoz Pirimqulov va tergov davomida topilmagan boshqa shaxslar bilan birgalikda qaroqchilar to‘dasi tuzganlikda ayblanib, qidirilayotganligini bilgan holda, Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘iga Dahbed pristavi kazaklar bilan yaqinlashganda, qurollaridan o‘q otib qarshi olishdi va keyin yashirinib olib, kazaklar bilan otishmaga kirishdi. Namozni qamoqqa olishga qurolli qashilik ko‘rsatishdi. Otishma chog‘ida bir nafar kazak Korchaginni o‘ldirishdi. Qariyb bir sutka davom etgan otishma davomida Namozni qochirib yuborishni uddalashdi, o‘zlari esa qo‘lga olindi.
Ushbu jinoyat Jinoyat kodeksining 262, 263 va 1459-moddaning 2-qismi bilan jazolanish ko‘zda tutilgan.
Aslini imzoladi: Infanteriya generali Grodekov.
Asliga to‘g‘ri: ish yurituvchi. Imzo.
(O‘zbekiston Milliy Arxivi fondi I-1 ro‘yxat 4. yig‘ma jild 1070. 21-bet.)
Turkiston general-gubernatorligining keyingi chiqargan yana bir buyrug‘iga yuqoridagi № 35-buyrug‘idagi so‘zlar qayta takrorlangani holda quyidagilar bayon etiladi:
"Turkiston o‘lkasi bo‘yicha buyruq №89.
16 mart 1907 yil. Toshkent shahri.
...Qariyb bir sutka davom etgan otishmada Namozning qochishiga yordam berishdi, o‘zlari esa qo‘lga olindi". deyiladi. Buyruqning davomida: "Harbiy sud 1907 yil 11 martdagi muhokamalardan so‘ng qaror qildi: Sudlanuvchilar Ochil Mullajonov, Xudoyberdi O‘tashev, Qurbonboy Otniyozov, Qarshiboy Sultonov, Shoamin To‘xtamishev, Avazqo‘r Oqmirzayev va Sherniyoz Xudoynazarovlarni kazakning o‘limiga olib kelgan hokimiyatga qurolli qarshilik ko‘rsatishda aybdor deb hisoblanib, barchalarini huquq va mol-mulklaridan mahrum etish va har birini osish orqali o‘lim jazosiga hukm etish belgilandi.
Chiqarilgan hukm va harbiy sudning alohida qarorini inobatga olib, nomlari ko‘rsatilgan sudlanuvchilarning har qanday madaniyatdan yiroqligi va yarim yovvoyi ekanliklari (?!), sodir etgan jinoyatlarning qay darajada og‘ir ekanligini tushunmaganliklari, Namoz to‘dasiga ongli ravishda kirmaganliklari, hech biri jinoyatga boshlovchi yoki yetakchi bo‘lmaganliklari va umuman bosh aybdor emasliklari, barcha jinoyatlar tashabbuskori Namoz ekanligi, muhimi, sudlanuvchilar ushbu vaziyatda qo‘rquv va Namozning bosimi ostida bo‘lgani, ularning Namoz irodasiga qarshi borishi yoki xiyonati o‘lim bilan tugashi, xuddi Tuman Eshiyevning kazaklarga taslim bo‘lishi kabi xavfli edi.
Men, davlat tartiblarini himoya qilish, jamoat osoyishtaligini asrash to‘g‘risidagi chora-tadbirlar Nizomining 19-bandi va harbiy sud Nizomining 1401-moddasiga asosan sudlanuvchilarga tayinlangan o‘lim jazosini umrbod katorga ishlariga surgun bilan almashtiraman.
Imzo chekdilar: General-gubernator generali Grodekov.
Ish yurituvchining kichik yordamchisi. Imzo.
(O‘zbekiston Milliy Arxivi F.I.-1. ro‘yxat 4. yig‘ma jild 1070. 32-bet).
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, Turkiston general-gubernatorligining har ikkala buyrug‘ida ham "...qariyb bir sutka davom etgan otishmada Namozning qochishiga yordam berishdi, o‘zlari esa qo‘lga olindi", deb Namozning yigitlari haqida aytilmoqda. Aslida unday emas. Namozning yigitlari birin-ketin asirga olindi. Oxirida Sherniyoz ham asir tushdi. Shundan keyingina Namoz g‘oyat ustalik bilan konspiratsiyaning shunday bir usulini qo‘lladiki, juldur kiyimda bir quchoq bedani quchgan holda uni qurshab turgan 80 nafardan ortiq harbiy va ma’murlar orasidan, Allohga tavakkal qilib, qurshovdan chiqib ketdi. Uni tanigan va tanimagan shuncha odamning birortasi bu munkaygan cholning Namoz ekanligini hatto xayollariga ham keltirmadi.
Bundan tashqari, Turkiston o‘lkasi bo‘yicha chiqarilgan mazkur buyruqdagi general-gubernatorning "...Sudlanuvchilarning har qanday madaniyatdan yiroqligi va yarim yovvoyi ekanliklari...", degan haqoratomuz so‘zlari bizning hozirgacha saqlanib kelinayotgan yuksak qadriyatlarimiz, dinimiz va madaniyatimizni butun bir mustamlakachilik davrida anglab yetmagan shovinistlarni bundan keyin ham anglab yetish madaniyatidan uzoq, deb aytish mumkin.
O‘ktam IKROMOV,
tadqiqotchi, tarixchi.