Koronavirusni aniqlovchi 50 mingta test tizimi ishlab chiqarishga tayyor
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiya markazi odamning koronavirus kasalligiga chalingani yoki sog‘lomligini aniqlab beruvchi 50 mingta test-tizimini ishlab chiqarishga tayyor.
Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirining matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova ma’lum qildi.
– Hozirgi kunda amalda ishlatilayotgan mavjud testlar faqat bir uchastka tahliliga asoslangan. Olimlarning test tizimi COVID-19 virusi genomining uch uchastkasining polimerli zanjirli reaksiya (PSR) usulidagi tahlilga asoslangan va bu o‘zbek olimlari tomonidan ishlab chiqilgan test sistemasining alohida xususiyatidir.
Test tizimlarining laborator va klinik sinovlari yakunlandi. Ilg‘or texnologiya markazi 50 mingta shunday test tizimini ishlab chiqarishga tayyor. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan mazkur testdan foydalanishga ruxsat berilganidan so‘ng uni tezkorlik bilan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, - dedi N.Abduqunduzova.