Profilaktika ishlari korrupsiya sabablarini bartaraf qilishga xizmat qiladi

Korrupsiya mamlakat taraqqiyotiga asosiy to‘siq hisoblanadi. Bu illat kelib chiqishining asosiy sababi esa nazorat tizimi faoliyatining zaifligi bilan bog‘liq. Qachon va qayerda nazorat faoliyati zaif bo‘lsa, o‘sha joyda korrupsiya kelib chiqadi.

Korrupsiya illatini bartaraf qilishda adolatli ijtimoiy tartibning o‘rnatilishi nazorat tizimini kuchliligiga va samarali ishlashiga bog‘liq. Shuning uchun asosiy e’tibor nazorat faoliyatini samarali qilish yo‘llarini topishga qaratilishi kerak.

Xo‘sh, yurtimizda shakllanib borayotgan nazorat faoliyatining samarali ishlashiga nimalar to‘siq bo‘lyapti? 

Fikrimizcha, bu maqsadga erishish uchun ijtimoiy hayotning barcha sohalarida huquq va axloq normalariga rioya etilishini nazorat qilish mexanizmini shakllantirish va uning samarali ishlab turishini ta’minlash kerak. Chunki nazorat mexanizmi ishlab turgan holda jazoning muqarrarligi amalda ta’minlanadi va bunday holda odamlar qonunni buzish ehtimoli paydo bo‘lganda qo‘rquvni his qilib, normalarni buzishdan o‘zlarini tiyib yashaydi.

Hozir bizda demokratiyaning shakli bor va faqat shakl bilan nazorat faoliyatini samarali amalga oshirib bo‘lmaydi. Nazorat faoliyatini samarali amalga oshirish uchun demokratiyaning mazmunini ham yaratish kerak.

Nazorat faoliyatining samarali ishlashiga to‘siq bo‘lgan yana bir sabab bu ushbu faoliyatga doir bilimning yetarli emasligidir. Chunki har qanday faoliyatning samaradorligi o‘sha faoliyatga oid bilimga bog‘liq bo‘ladi. Hozirgi kunda mamlakatimizda oliy ta’lim tizimida va umuman, ta’lim tizimida jamiyatga nazorat faoliyatiga doir bilimni beradigan biror-bir fan o‘qitilmaydi. Vaholanki, har qanday bilim, eng avvalo, ta’lim tizimida shakllanadi.

Mamlakatimizda nazorat faoliyatini samarali amalga oshirishga bo‘lgan to‘siqlardan yana biri aholining ayrim qismidagi befarqlik kayfiyati hisoblanadi. Agar jamoatchilikka nazorat faoliyatiga doir bilim berilsa, lekin jamiyat befarq bo‘lsa, nazorat tizimi samarali ishlamaydi. Bunda odamlardagi nazorat faoliyatiga doir bilim keraksiz faktlar bo‘lib, odamlarning miyasida foydasiz yotaveradi.

Keling, endi bu muammolarga yechim izlaylik.

Avvalo, inson aqlli bo‘lishi, lekin ayni bir paytda u nodon bo‘lishi ham mumkin. Buni tushunish uchun aqlli bilan dononing farqini bilish kerak. Inson bilim negizida aqlli bo‘lsa, ma’naviyat negizida dono bo‘ladi. Ma’naviy jihatdan qashshoq odam nodon bo‘ladi. Demak, nazorat tizimining samarali ishlashiga to‘siq bo‘lgan bir jihat - befarqlik kayfiyatini bartaraf qilish ma’naviy yuksalishga bog‘liq. Axloqiy tarbiya negizida ma’naviyatni yuksaltirish orqali befarqlikni jilovlab, daxldorlik hisini shakllantirish nazorat tizimini samarali qiluvchi muhim omil hisoblanadi.

Ana endi keyingi bosqichga o‘tamiz: nazorat tizimining samarali ishlashiga jiddiy to‘siqlardan biri korrupsiya illatidir. Chunki korrupsiya nazorat zaif bo‘lgan joyda kelib chiqadi va shuning uchun ham nazorat kuchayishiga qarshi bo‘ladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash ikki yo‘nalishda olib borilmoqda. Birinchi yo‘nalish jinoyat sodir qilganlarni jazolashning muqarrarligini ta’minlash bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish hali jinoyat sodir qilinmasdan oldini olishga qaratilgan profilaktika ishlaridir. Bunda asosiy e’tibor ikkinchi yo‘nalishga, ya’ni profilaktika ishlarini samarali amalga oshirishga qaratilmoqda. Profilaktika ishlarining muhimligi shundaki, u korrupsiya sababini bartaraf qilishga xizmat qiladi, jazolash esa faqat oqibatni bartaraf etishni ta’minlaydi.

Abdumalik Yusupov,

viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi bosh yuristkonsulti.