Korrupsiyani yo‘qotish, avvalo, mansabdorlarga bog‘liq

Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdori 25,3 milliard so‘mdan oshadi. Mazkur jinoyatlar tahlil qilinganda, ularning 19 tasi bank, 17 tasi oliy ta’lim, 15 tasi xalq ta’limi, 33 tasi sog‘liqni saqlash, 20 tasi maktabgacha ta’lim, 4 tasi soliq, 21 tasi ichki ishlar, 8 tasi majburiy ijro byurosi, 3 tasi sud sohasi hamda 58 tasi boshqa korxona, tashkilot xodimlari tomonidan sodir etilgani aniqlandi.

Byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari bo‘yicha 2 ming 249 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan. Eng tashvishlisi, byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalar nazoratiga mas’ul bo‘lgan tizimining o‘zida ham byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinmoqda. Misol uchun, byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Toyloq tumani bo‘limi mansabdor shaxslari 10 holatda 111 million so‘mlik pensiya mablag‘larini o‘zining plastik kartasiga o‘tkazib o‘zlashtirib yuborgan.

So‘nggi ikki yilda viloyatdagi banklarning 33 nafar mansabdor shaxslari korrupsiya va mansabdorlik jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan. Jumladan, viloyat Milliy banki xodimi omonatchilarning hisob raqamidan 90 holatda 7,7 milliard so‘m, 607 ming AQSh dollari va 1 461 yevro, ya’ni juda ko‘p miqdordagi omonat pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

“Agrobank” Chelak filiali xodimi esa kredit ajratishni so‘rab bankka murojaat qilmagan fuqarolar nomiga 30 million so‘m miqdorida mikroqarz ajratib, plastik kartochkasiga tushirib, o‘zlashtirgan.

Aholining iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash uchun turli ijtimoiy loyihalarga byudjet mablag‘lari bank orqali  ajratilmoqda. Lekin bunday mablag‘lar haqiqiy egalariga yetib bormasdan, ayrim bank mansabdor shaxslarining “o‘lja”siga aylanmoqda. Masalan, “Ipoteka bank” Ko‘ksaroy filiali “Juma” mini-banki mudiri bankning boshqa mansabdor shaxslari bilan jinoiy til biriktirib, davlat dasturi asosida baliqchilik va aholi tadbirkorligi uchun ajratilgan 6 milliard 995 million so‘m kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan.

Keyingi ikki yilda mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganligi uchun 4 nafar soliq xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Xususan, Past Darg‘om tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimi tumandagi fermer xo‘jaligining 2 million 732 ming so‘mlik soliq qarzdorligini yo‘q qilish uchun 1 million 500 ming so‘m pulni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Bunyodkorlik ishlarida tartib-intizomni yanada kuchaytirish, davlat xaridlarida shaffoflik va adolatni ta’minlash talab etilsa-da, qurilish ham korrupsiyalashgan soha bo‘lib qolmoqda. Bu davrda 1 nafardan hokim o‘rinbosari, viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, kapital qurilish direksiyasi sobiq boshlig‘i, kadastr idorasining 4 nafar xodimlari va yana 10 nafar boshqa mas’ul shaxslari jinoiy javobgarlikka tortildi.

Misol uchun, “Afrosiyob Stroy Servis” MChJ rahbari, Samarqand shahar hokimining sobiq o‘rinbosari, kapital qurilish direksiyasi sobiq boshlig‘i va boshqalar o‘zaro jinoiy til biriktirib, shahar hokimligi mansabdor shaxslarining ixtiyorida bo‘lgan 7,5 milliard so‘mlik juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

“Qorakissa nurli qurilish” MChJ ish boshqaruvchisi Qo‘shrabot tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri va boshqalar bilan 3 ta maktabning hojatxonasini ta’mirlash uchun ajratilgan 160 milion so‘m byudjet mablag‘ini o‘zlashtirgan.

Iqtisodiyot rivojida o‘ta muhim sohalardan biri hisoblangan qishloq xo‘jaligiga daxldor tashkilot va idoralarning 22 nafar xodimi korrupsiyaviy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortildi.

Misol uchun, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Urgut tuman bo‘limi katta inspektori fuqaroga traktorchi-mashinist guvohnomasini rasmiylashtirib berish evaziga 800 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘ini pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

“Amin invest international” QK MChJ mansabdor shaxslari 1,2 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini jamiyat hisob raqamiga o‘tkazilishiga erishib, fermer xo‘jaliklariga mineral o‘g‘it yetkazib bermasdan, ularning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish orqali talon-toroj qilgan.

Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan Prezidentimizning “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirishlar natijasiga ko‘ra noqonuniy qarorlarini bekor qilish va qonunga muvofiqlashtirish haqida 164 ta protest keltirilgan. Shuningdek, 22 ta taqdimnoma kiritilgan, 60 nafar shaxs ma’muriy hamda intizomiy javobgarlikka tortilib, 68 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 285 nafar mansabdor shaxs qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirilgan.

Misol uchun, Payariq tuman Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i 92 fermer xo‘jaligining 597 gektar yer maydonlarida daraxtzorlar barpo etilishini oldini olish choralarini ko‘rmaganligi, hujjatlar soxtalashtirilib, suvli yer maydonlariga g‘alla ekilmaganligi oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2,4 milliard so‘m iqtisodiy zarar yetkazilgan.

Samarqand tumanidagi qishloq xo‘jaligida foydalanilgan yerlarning 161 gektari o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, noqonuniy ravishda uy-joylar qurilganligi va davlat manfaatlariga 55,9 milliard so‘m zarar yetkazilganligi holati bo‘yicha “Yermulkkadastr” DUK Samarqand tuman bo‘limi mansabdor shaxslari va boshqalar tergov oldida javob bermoqda.

Aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish ijtimoiy sohadagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Biroq tizimdagi ayrim xodimlar zimmasidagi vazifalarni bajarishda turli suiiste’molchiliklarga qo‘l urmoqda. Oqibatda so‘nggi ikki yilda tizimdagi 5 nafar ana shunday xodimlar turli korrupsiyaviy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortildi.

Birgina misol, Past Darg‘om tumani aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori 2 nafar xodimi bilan kambag‘al oilalar toifasiga kirmagan 26 nafar fuqaroga issiqxona qurish va suv nasoslari olish uchun 99 million so‘m subsidiya mablag‘lari berilganligi haqida soxta hujjatlar tuzgan. Shuningdek, markazning 33 nafar moddiy yordamga muhtoj bo‘lmagan xodimlari nomidan soxta hujjatlarni bankka taqdim qilib, mukofot puli sifatida 224 milion so‘m naqd pulni “cho‘ntakka urgan”.

Oliy ta’lim tizimida eng ko‘p kuzatilayotgan korrupsiya o‘qishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Misol uchun, Samarqand davlat universiteti laboranti universitet dotsenti bilan fuqaro X. va Z.ga o‘qishga kiritishni va’da qilib 6 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni olgan vaqtda qo‘lga olingan.

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti dekan o‘rinbosari fuqaro X.ni Qozog‘iston Respublikasining oliy o‘quv yurtidan mazkur institutga ko‘chirish masalasini hal qilib berish uchun 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

So‘nggi ikki yilda xalq ta’limi tizimdagi 87 nafar xodim turli jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan, ularning 57 foizi korrupsiyaviy qilmishlardir. Jumladan, Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi hisobchilari 1,2 milliard so‘mlik, Ishtixon tumani xalq ta’limi bo‘limi hisobchilari 951 million so‘mlik byudjet mablag‘larini o‘zlashtirganligi holati bo‘yicha jinoiy javobgalikka tortilgan.

Maktabgacha ta’lim tizimida ham korrupsiya illati uchrab turganligi barchamizni tashvishga soladi. So‘nggi ikki yilda tizimdagi 20 nafar xodim turli jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan. Sohada ayniqsa, byudjet mablag‘larining sarflanishida suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Masalan, Kattaqo‘rg‘on shahar 10-son davlat maxsus maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi va tashkilot mansabdor shaxslari 764 million so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.

O‘tgan yil oxirida Bosh prokuratura tomonidan sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaning oldini olish borasida alohida yig‘ilish o‘tkazilib, vazifalar belgilab olingan edi. Shunga qaramasdan, tizimda o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagan xodimlar uchramoqda. Bunday nopok xodimlar sharafli kasbga “dog‘” tushirmoqda.

Jumladan, Bulung‘ur tuman tibbiyot birlashmasining pullik xizmat bo‘limi boshlig‘i 2018 va 2019 yillarda pullik xizmatlardan tushgan 86,5 mln. so‘m pullarni birlashma hisobiga kirim qilmasdan o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Samarqand shahridagi 9, 10 va 4-son oilaviy poliklinikalar hamda 1-son tug‘ruq muassasasi mansabdor shaxslari o‘zlarining ixtiyorida bo‘lgan 193 million so‘mlik byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj va rastrata qilish jinoyatini sodir qilganliklari aniqlangan. Ming afsuski, bu kabi misollarni yana davom ettirish mumkin.

Ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarida ham korrupsiya holatlariga chek qo‘yilmayapti. So‘nggi ikki yilda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 31 nafar xodimi jinoiy qilmishlari uchun javobgarlikka tortildi.

Samarqand shahar ichki ishlar bo‘limi katta tezkor vakili fuqarodan IIV tizimiga ishga joylashtirish uchun deb 5,5 ming AQSh dollari olgan vaqtda ushlanib, qonun oldida javobgar bo‘lganligi achinarli holatdir.

Bu misollar barchamizni sergak torttirishi kerak. Avvalo, birinchi rahbarlarda tizimda adolat o‘rnatishga, tanish-bilishchilik va suiiste’molchilikka chek qo‘yishga xohish bo‘lsa, qat’iyat ko‘rsata olsa, korrupsiyaning ildizi bilan qirqish mumkin. O‘ylaymanki, barcha rahbarlar, soha mutasaddilari tanqidlarni to‘g‘ri qabul qilib, tegishli xulosa chiqaradi.

Ravshan MAShARIPOV,

Samarqand viloyati prokurori.