Korrupsiyaga qarshi kurash har bir rahbar va idoraning vazifasidir
Yig‘ilishni komissiya raisi, viloyat prokurori F.Zufarov boshqardi.
Unda komissiya a’zolari, viloyat sudlari, adliya, prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, boshqarmalar, xotin-qizlar qo‘mitasi va nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Prezidentimizning 2017 yil 2 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturida belgilangan vazifalarning viloyatdagi ijrosi muhokama etildi. Mutasaddi idora va tashkilotlar rahbarlarining bu borada amalga oshirgan ishlari bo‘yicha hisobotlari tinglanib, ijro darajasi ko‘rib chiqildi.
Jumladan, viloyat ichki ishlar, soliq, adliya, mehnat, Savdo-sanoat palatasi boshqarmalari va ularning rahbarlari tomonidan korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan ishlarning qoniqarli emasligi ta’kidlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashda uning oldini olish muhitini yaratish muhim. Shu sababli yig‘ilishda ibratli takliflar aytildi. Xususan, har bir tashkilot veb-saytining muntazam ishlashini ta’minlash, komissiya a’zolarining joylarda mehnat jamoalari bilan uchrashuvlarini o‘tkazish, targ‘ibot tadbirlari ta’sirchanligini oshirish, xodimlarning huquqiy savodxonligiga e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.
Yig‘ilishda komissiyaning kelgusi faoliyati bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
O‘z muxbirimiz.