Korxona o‘zganing tovar belgisidan takroran ruxsatsiz foydalangani uchun jazoga tortildi
Viloyat adliya boshqarmasi xabariga ko‘ra, asosan sutni qayta ishlash, tabiiy sut va sut-qatiq oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek turli muzqaymoqlar ishlab chiqaruvchi “A-B” (qisqartirildi) MChJ tomonidan “Mars incorporated” (AQSh) kompaniyasiga tegishli bo‘lgan “Snickers”, “Mars” nomli tovar belgilariga o‘xshash muzqaymoq ishlab chiqarib, savdoga chiqarayotganligi aniqlangan.
Kompaniya ishonchli vakili Samarqand viloyat adliya boshqarmasiga bu borada murojaat yo‘llab, kompaniyaga tegishli tovar belgisidan huquq egasining roziligisiz foydalanayotganligini aytgan. Boshqarma tomonidan murojaat asosida o‘rganish o‘tkazilib, “Mars incorporated” kompaniyasining ushbu tovar belgilari Intellektual mulk agentligi tomonidan milliy tizim orqali jamlanma va shakil ko‘rinishida 1995 yilda “Snickers” hamda 2005 yilda tovar belgilari tegishli tartibda ro‘yxatga olingan va O‘zbekiston Respublikasi hududida huquqiy muhofaza berilgani aniqlangan. Mazkur qonunbuzilishi yuzasidan “A-V” MChJga moliyaviy jarima qo‘llanilgan.
Mazkur korxona “Mars incorporated” korxonasiga tegishli tovar belgilaridan ruxsatsiz foydalanganligi uchun avval ham javobgarlikka tortilgan. Bundan tashqari, bunday holat Shveysariyaning “Sosiete des Produits Nyestle S.A. kompaniyasi bilan ham takrorlangan edi, deyiladi adliya xabarida.