Korxonadagi qisqarish sabab mehnat shartnomasi bekor qilinsa, xodimga moddiy yordam beriladimi?
- Bir tashkilotda ishlardim. Ish o‘rnim qisqarganligi sababli ikki oy oldin ogohlantirish berildi. Ogohlantirish muddati tugaganligi sababli mehnat shartnomamni bekor qilishdi. Ushbu holatda menga qanday moddiy yordam beriladi?
Z.Karimov.
***
- Mehnat kodeksining 67-moddasi birinchi qismi ikkinchi xatboshisiga asosan texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi (100-modda ikkinchi qismining 1-bandi) sababli xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ish qidirish davrida ikki oydan ortiq bo‘lmagan davr mobaynida xodimlarning o‘rtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi, bunda xodimga to‘langan bir oylik ishdan bo‘shatish nafaqasi ham qo‘shib hisobga olinadi.
Ushbu moddaning uchinchi qismiga ko‘ra, xodimlar mehnat shartnomasi yuqoridagi asosga muvofiq bekor qilingan kundan boshlab o‘n kalendar kun mobaynida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tsa, mahalliy mehnat organi bergan ma’lumotnomaga binoan uchinchi oy uchun ham oldingi ish joylaridan o‘rtacha ish haqi olish huquqiga ega bo‘ladi.
Savolga huquqshunos O‘ktam Kamilov javob berdi.