Kuala-Lumpur va Jakartadan Samarqand, Buxoro orqali Jidda shahriga reys qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib boriladi

O‘tgan yili Mo‘g‘uliston bilan turizm bo‘yicha katta kelishuvga erishilgani hisobiga sayyohlar 100-200 nafardan 4 mingga oshdi

Ko‘rfaz davlatlarida doimiy sayohat qiladigan 3 million aholi bor. Lekin ularning ko‘pi Ozarbayjon, Gruziya, Albaniya, Xorvatiya kabi vizasiz rejim bo‘lgan mamlakatlarga boryapti.
"To‘g‘ri, bu davlatlarga 10 kunlik vizasiz rejim joriy qilingan. Lekin, bu muddat 30 kunga uzaytirilsa, sayyohlar 5-6 karra ko‘payadi. Bundan tashqari, Hindiston, Pokiston, Misr va eronlik sayyohlarga viza berishni yengillashtirish mumkin", - dedi davlatimiz rahbari.
Rossiya va Xitoyning hududlari bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilgani uchun investitsiya va sayyohlar oqimi keskin oshdi. Endi bu tajribani kengaytirib, Yaponiya, Koreya va Yevropa davlatlari bilan ham tashkil qilish topshirildi.
Milliy turizm yagona platformasini ishga tushirishni tezlashtirish, unda chipta olish va elektron viza berish imkoniyatlarini yaratish vazifasi qo‘yildi.
Malayziya va Indoneziyadan “Umra plyus” dasturi orqali 100 ming ziyoratchini jalb qilish bo‘yicha ishlar boshlangan. Mutasaddilarga Kuala-Lumpur va Jakartadan Samarqand, Buxoro orqali Jidda shahriga reys qo‘yish bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirish topshirildi.