Kuchli yo‘tal bilan kechuvchi kasallik yoxud bronxit nimasi bilan xavfli?

Ayni kunlarda yurtimizda sovuq qish fasli hukmronlik qilmoqda. Tabiiyki, bu paytda ko‘pchilik insonlarda nafas yo‘llari bilan bog‘liq xastaliklar ko‘p kuzatiladi. Shulardan biri bronxitdir.

Xo‘sh, ushbu kasallik kelib chiqishining eng asosiy omillari nimalardan iborat? Uning qanday belgilari bor?

Mazkur savollarga oliy toifali shifokor Ravshanbek Umarov batafsil javob berdi.

— Bronxlarning yallig‘lanishi (bronxit) yuqori nafas yo‘llarining eng ko‘p uchraydigan xastaligi, — deydi mutaxassis. — Uning o‘tkir va surunkali turlari farqlanadi.

Ko‘pincha ob-havoning o‘zgarishi, immun tizimining susayishi, yomon odatlarga (ichkilikbozlik, kashandalik) ruju qo‘yish hamda turli zararli moddalar (gaz, chang, kuchli efir moylari)ni nafas orqali ichga yutish kabi holatlar halqum, hiqildoq yoki traxeyani zararlab, o‘pka tomon tarqaladi. Oqibatda bronxit va zotiljam kelib chiqadi.

Kasallikning o‘tkir turida bemor holsizlanadi, mushaklari qaqshaydi. Yo‘tal paydo bo‘ladi. Ko‘krak sohasi qisilib, og‘riydi. Biroz o‘tib, unga tumov ham qo‘shiladi, ba’zi hollarda esa tana harorati ko‘tarilishi mumkin.

Qolaversa, bemorni muntazam ravishda yo‘tal tutib, yiring aralash balg‘am ajraladi. Bronxit to‘liq davolanmasa, kasallik cho‘zilib, surunkali tusga o‘tadi va o‘zidan og‘ir asoratlar qoldiradi.

Gaymorit, otit va zotiljam xastaliklari aksariyat hollarda bronxit qaytalashi oqibatida kelib chiqadi. Yurak-qon tomir tizimida jiddiy muammo bo‘lgan va quvvatdan qolgan bemorlarda bronxit tufayli mayda bronxlar ham zararlanadi.

Kasallik rivojlanganda bemor isitmasi baland bo‘ladi, havo yetishmaydi, hansiraydi. Shuningdek, labi ko‘karadi, tez-tez yo‘talib, tinka-madori quriydi. Yiringli balg‘am tashlab, ko‘kragida og‘riq turadi. Hatto, o‘pkasida mayda pufakchali nam, quruq xirillashlar eshitiladi.

Qolaversa, nafas sustlashadi, tomir urishi tezlashib, yurak tovushi bo‘g‘iq eshitiladi. Hatto, bronxlar devori va atrofidagi to‘qimalar zararlanadi. Bunday vaqtda bemorlarni zudlik bilan shifoxonaga yotqizish lozim.