Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kun tarixi: 8 avgust – O‘zbekiston xalq artisti Ta’naberdi Qurbonov tavallud topgan kun

 “Bugungacha eng yayrab, eng zavqlanib, to‘yib-to‘yib yig‘lab, to‘yib-to‘yib rohatlanib ijro etgan rolim Ulug‘bek roli bo‘ldi. Afsuski, mening aktyor sifatidagi oxirgi ijodiy ishim ham, oxirgi rolim ham shu Ulug‘bek roli edi”.

Bu O‘zbekiston xalq artisti Ta’naberdi Qurbonovning gapi.

Taniqli aktyor, jamoat arbobi T.Qurbonov 1935 yil 8 avgustda Past Darg‘om tumanidagi Arabxona qishlog‘ida tug‘ildi. U avval Samarqand davlat universiteti, keyin Toshkent teatr va rassomchilik institutida tahsil oldi. Hamid Olimjon nomidagi Samarqand viloyat davlat  musiqa va drama teatri (hozirgi viloyat musiqali drama teatri)da olti yil (1964-1970 yy.) aktyor, 25 yil direktor hamda badiiy rahbar bo‘lib ishladi.

U ijod dardi bilan yashadi. Bu dard uning iste’dodini shakllantiribgina qolmay xalq mehriga sazovor qildi. Xususan, mohir san’atkor “Otello” tragediyasida Otello, “Qiyomat qarz” asarida Sulaymon ota, “Mirzo Ulug‘bek” dramasida Ulug‘bek rollari bilan mamlakatga tanildi.

1967 yilda Ezop rolini yaxshi ijro etgani uchun eng yaxshi rol ijrochisi sifatida e’tirof etildi. Bundan tashqari, u rejissyor sifatida 20 ga yaqin asarlarni sahnalashtirdi, teatr san’atiga oid 100 ga yaqin maqolalar, bitta kitob yozdi.

Mustaqillik yillarida T.Qurbonov jamoat arbobi sifatida maydonga chiqdi. Ikki chaqiriqda xalq deputatlari viloyat Kengashining deputati etib saylandi. 1999-2007 yillarda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limini boshqardi.

1974 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 1978 yilda O‘zbekiston xalq artisti, 2000 yilda fidokorona xizmatlari uchun “El-yurt hurmati” ordeni sohibi bo‘ldi.

Ta’naberdi Qurbonov 2015 yilda 80 yoshida vafot etdi. Ammo mahorat bilan ijro etgan rollari milliy san’atimizda o‘chmas iz bo‘lib qoldi.

Bahriddin Xonkeldiyev tayyorladi.