Kuy va soz sehri bilan xalqimizga madad bo‘laylik

Butun dunyo aholining sog‘ligini asrash, mustahkamlash uchun kurashmoqda. Bu borada yurtimizda ham Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda mahalliy mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tizimli faoliyat olib borilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov madaniyat va san’at ahliga yo‘llagan murojaatida, har kuni minglab insonlarning yostig‘ini quritayotgan koronavirusdek ashaddiy zahri qotilni yengishda har birimiz o‘zimizning bor kuch-g‘ayratimizni, matonatimizni namoyish etishimiz lozimligini, shunday vaziyatda madaniyat va san’at sohasi vakillari ham bir tanu bir jon bo‘lib bu ofatni yengishda o‘z hissasini qo‘sha olsa, ona Vatan va xalq oldidagi burchini ado etishini, san’at ahlini soz va so‘z sehri ila xalqimiz dardiga malham bo‘lib, iqtidor va mahoratini shifo yo‘lida sarf qilishligini ta’kidladi.

Shunday ekan, bugungi sinovli kunlarda biz madaniyat va san’at ahli ham xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi va hayotga muhabbatini oshirish uchun ham huzurbaxsh navolar, yoqimli ohanglarga limmo-lim bo‘lgan, insonlarda hayotni sevishga chorlovchi kuy-qo‘shiqlar yaratishimiz, xalqimiz ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilmog‘imiz lozim.

Samarqand viloyatida ham el sevgan va taniqli san’atkorlarimiz tomonidan o‘z uylarida jonli ijroda kuylayotgan qo‘shiqlar va onlayn konsert dasturlari viloyat teleradiokompaniyasi tomonidan efirga uzatilayotgani xalqimizga manzur bo‘lmoqda. O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘linmasi qoshidagi “Ashula va raqs” ansamblining “Sog‘inch”  hamda  O‘zbekiston xalq artisti Mardon Mavlonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Erkin Qaytarov, “Otajon Xudoyshukurov qo‘shiqlari” respublika tanlovi g‘olibi, xonanda Xushnud Eshto‘xtayevlarning “Biz siz uchun kuylaymiz – siz uyda qoling”,  deb nomlangan jonli ijrodagi onlayn konsert dasturlari shular jumlasidan. Shuningdek, O‘zbekiston xalq artisti, Samarqand davlat universiteti professori Abdurashid Ergashev viloyat televideniyesida bugungi karantin paytida madaniyat xodimlari, san’atkorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar, ular oldida turgan dolzarb vazifalar haqida o‘z fikrlarini bildirdi. “Nihol” mukofoti sovrindori Anvar Mirzayev karantin paytida o‘zining “Vatan uchun”, O‘zbekiston davlat Filarmoniyasi Samarqand viloyat bo‘limi rahbari Jahongir Niyozov rafiqasi – Samarqand ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘qituvchisi Ozoda Niyozova bilan birgalikda “Rahmat, shifokorlarga”  hamda  “Ey falak” nomli yangi qo‘shiqlarini e’lon qildi. Bu an’ana davom etib, viloyatimizdagi barcha san’atkorlar tomonidan jonli ijroda onlayn konsert dasturlari tashkil etilmoqda.

Demoqchimizki, dunyoni larzaga solib turgan koronavirus pandemiyasining xavf-xatari, infeksiyaning tarqalib ketishini oldini olish bo‘yicha davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlar, shifokorlar tavsiyasiga qat’iy amal qilish barobarida xalqimizga manzur bo‘ladigan kuy-qo‘shiqlar yaratishimiz, yosh iste’dodlarni bundanda qo‘llab-quvvatlashimiz lozim.

Rustam HAYITOV,

viloyat madaniyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.