“Lukoyl” kompaniyasi xodimining Jarquduqdagi harakatlariga izoh berdi

«Lukoyl Uzbekistan Opereyting Kompani» matbuot xizmati kompaniyaning xodimi yo‘riqnomalarga rioya qilmaydigan va ularni buzadigan ishchilardan noroziligini odobsiz shaklda bildirganligi aks etgan videoga izoh berdi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, voqea 29 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi Jarquduq gazni tozalash inshootida bo‘lgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, Jarquduq nimstansiyasida (110 ming voltlik) ishlaydigan usta boshchiligidagi elektrchilar guruhi xavfsizlik talablarini qo‘pol ravishda buzgan, bu esa brigadaning o‘limiga, qimmat jihozlarning shikastlanishiga va butun ob’yektning ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan.

Mazkur holatni bosh energetik I.A.Shilov aniqlagan va podstansiyadagi ishlar qoidalarga mos kelgunga qadar to‘xtatilgan.

O‘z qo‘l ostidagi xodimlarning yo‘riqnomaga rioya qilmasligi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan fojiali oqibatlarni anglab yetgan holda I.A.Shilov muloqotning axloqiy me’yorlarini e’tiborsiz qoldirgan va mahalliy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga qo‘pol so‘zlar bilan murojaat qilgan.

Hozirgi vaqtda kompaniyada ichki tekshiruv o‘tkazilmoqda. Shu sababli I.A.Shilov “Lukoyl”ning ish etikasi bo‘yicha komissiyasining Moskvadagi yig‘ilishiga chaqirilgan.

"Tergov natijalariga ko‘ra, voqeaning barcha ishtirokchilariga aybdorlik darajasini hisobga olgan holda va korporativ talablarga muvofiq ravishda intizomiy choralar qo‘llaniladi", deyiladi xabarda.

“Lukoyl” kompaniyasi sanoat xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi yuqori standartlarga amal qilishiga va qoidalarga rioya qilinishini diqqat bilan kuzatib borishiga ishontirdi.

Avvalroq, mazkur videoga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda turli munosabatlar ko‘payib, haqoratlarga kerakli chora ko‘rish borasida “Adolat“ SDP hamda “Yuksalish“ umummilliy harakati tomonidan ham munosabat bildirilgan edi.