“Yuksalish” “LUKOYL” mansabdorining haqoratlariga munosabat bildirdi
«Yuksalish» umummilliy harakati «Lukoyl Uzbekistan Opereyting Kompani» MChJ rahbar-xodimining nomaqbul xatti-harakatlari yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
«Lukoyl Uzbekistan Opereyting Kompani» MChJ rahbar-xodimi tomonidan Qashqadaryo viloyatida joylashgan Jarquduq majmuasi ishchilari sha’niga nomaqbul so‘zlar aytayotgani aks etgan videolavha shu kunlarda internet foydalanuvchilarining keskin e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
«Yuksalish» umummilliy harakati mazkur masala yuzasidan munosabat bildirar ekan, qanday holat bo‘lishidan qat’i nazar, ayniqsa, «Lukoyl» kabi yirik kompaniya vakili tomonidan bunday xatti-harakatlarning amalga oshirilishi jiddiy e’tibor qaratish lozim bo‘lgan holat, deb baholaydi.
Shuningdek, xizmat vazifasini bajarish davomida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar uchun mas’ul xodimlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda jazo choralarini ko‘rish eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini eslatadi. Bir guruh shaxslarni millat yoki etnik kelib chiqishini nazarda tutgan holda haqoratlash yoki kamsitishga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Boz ustiga O‘zbekistonda tarixan millatlararo totuvlik, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari juda yaxshi rivojlangan. Bag‘rikenglik o‘zbek xalqining yuksak fazilati hisoblanadi.
Shu munosabat bilan «Yuksalish» umummilliy harakati kompaniya rahbariyatidan kelgusida bunday holatlarga takror yo‘l qo‘ymaslik haqida, shuningdek, mazkur salbiy holat ishtirokchisiga nisbatan ko‘rilgan chora yuzasidan yaqin vaqt davomida jamoatchilikka axborot berish lozim, deb hisoblaydi. Zero, shaxs qadr-qimmati, uning sha’ni daxlsizligi O‘zbekiston qonunchiligi hamda xalqaro normalarga muvofiq oliy qadriyat sanaladi.