Davlat dasturidagi 7 ta, hududiy dasturlardagi 104 ta vazifalar bajarilmagan

“Yuksalish” umummilliy harakati huzurida Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida belgilangan maqsadlarga erishilganlik darajasini baholab borish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat yillik muqobil hisobotlar tayyorlab boruvchi Mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhi tashkil etilgan.

Guruh tomonidan Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 10 oylik ijrosi bo‘yicha tayyorlangan muqobil hisobotning jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Tayyorlangan hisobotga ko‘ra, Davlat dasturi jami 398 ta banddan iborat bo‘lib, unda 671 ta vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq muddatlar belgilangan. Shundan 2022 yilning 1 noyabr holatiga Davlat dasturining 238 ta bandi bo‘yicha 396 ta vazifa ijrosi ta’minlanishi zarur edi.

Shu kunga qadar Davlat dasturidagi jami 266 ta vazifa ijrosi ta’minlangan. Shu bilan birga, muddatlarda to‘liq bajarilmagan bandlar ham yo‘q emas. Davlat dasturida belgilangan 7 ta vazifa bugungi kunga qadar bajarilmagan, 18 ta vazifaning ijro muddatlari uzaytirilgan. Davlat dasturining 105 ta vazifa yuzasidan hujjatlar loyihalari mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan va ko‘rib chiqish yoki qabul qilish uchun tegishli idoralarga kiritilgan.

Shuningdek, hududiy dasturlar bo‘yicha 104 ta vazifalar bajarilmagan.

Masalan, Samarqand viloyatida 2022 yilda respublika byudjeti hisobidan 20 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini rekonstruksiya qilish, mahalliy byudjet hisobiga 13 ta yangi bino qurish va 1 ta mukammal ta’mirlash belgilangan. O‘rganishlar davomida foydalanishga topshirilgan 7 ta ob’yektda elektr energiyasi, isitish tizimi va pol qoplamalarining qo‘yilishi, tashqari lotoklar ob’yekt loyiha-smetasida to‘la aks etmaganligi yuzasidan muammolari borligi ma’lum bo‘ldi.

Tadbir so‘nggida Mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhi tomonidan Davlat dasturi ijrosi doimiy monitoring qilib borilishi va islohotlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish muhim ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, bu borada zarur taklif va tavsiyalar ham ishlab chiqilishi qayd etildi.