“101 vatandosh izidan” loyihasiga start berildi
“101 vatandosh izidan” loyihasi ishchi guruhi 6 fevral kuni “O‘zbekiston — Germaniya — Niderlandiya — Polsha — Belarus — Rossiya — O‘zbekiston” yo‘nalishi bo‘yicha ekspeditsiyaga jo‘nab ketadi. Bugun “Yuksalish” umummilliy harakatida shu munosabat bilan OAV vakillari ishtirokida loyihaning taqdimoti o‘tkazildi. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati xabar berdi.
Nima uchun “101 vatandosh izidan”? 1942 yilning 9 aprel kuni Niderlandiyaning Amersfort shahrida 101 o‘zbek askarlari fashistlar tomonidan qatl qilingan. Ularning taqdiri uzoq vaqt davomida noaniq bo‘lib qolgan. Endilikda yaqin vaqtgacha “maxfiy” tamg‘asi bosilgan arxiv hujjatlari mardonavor kurashgan 101 nafar o‘zbek askarlarining jasorati haqida dalolat bermoqda.
Loyiha muallifi, navoiylik faol Jonibek Shuhratovning aytishicha, o‘sha yillarda mardlik ko‘rsatgan vatandoshlarimiz duch kelgan voqealarni to‘liq o‘rganish, ular haqida keng jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarga axborot berish vaqti keldi. Bu albatta, katta mardlik maktabi va faxr manbai bo‘lishi lozim. Vaqt o‘tishi bilan esa ushbu mangu qadriyatlarning qiymati oshib boraveradi.
“101 vatandosh izidan” loyihasi Navoiy viloyati hokimligi, “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda va internet nashrlari orqali #G‘alabaning75yilligi va #101vatandosh heshteglari ostida fuqarolarga axborot berib borish rejalashtirilgan. Loyihani amalga oshirish Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga o‘z hissasini qo‘shgan o‘zbekistonliklarning ismlarini abadiylashtirish, yosh avlodni ular ko‘rsatgan jasoratlari misolida tarbiyalash, Niderlandiyaning Amersfort shahridagi konslagerning barcha dahshatlariga qaramay o‘zligini saqlab qolgan 101 vatandosh ismlari va tarixini qayta tiklash uchun ham juda muhim hisoblanadi. Shu bilan birga, ushbu tashabbus fuqarolarni Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi atrofida birlashtirish, ayniqsa, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi arafasida millatchilik va zo‘ravonlikka qarshi immunitetni shakllantirishga xizmat qiladi.
Ushbu loyiha ikki bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Birinchi bosqich (6-12 fevral) ilmiy ekspeditsiya ko‘rinishida tashkillashtirilib, unda ishchi guruh a’zolari belgilangan yo‘nalish bo‘yicha joy nomlari, voqea guvohlari va boshqa qimmatli ma’lumotlarni to‘playdi hamda tarixiy hujjatlarni umumlashtiradi. Ikkinchi bosqichda (5–9 may) esa navoiylik ziyoratchilar, shu jumladan, Amersfortda qatl etilgan askarlarning avlodlaridan iborat guruh “101 vatandosh izidan” yo‘nalishi bo‘yicha ziyoratni amalga oshiradi.
Ishchi guruh a’zolarining yo‘nalish grafigi:
6—8 fevral, Germaniya: Berlin shahridagi O‘zbekiston elchixonasida uchrashuv, Reyxstag binosiga tashrif hamda Saksoniya-Anxelt shahrida dafn etilgan shahrisabzlik Rauf Pardayev qabri ziyorati.
8—10 fevral, Niderlandiya: konslagerda 101 o‘zbek askarlari bilan sodir bo‘lgan voqealarga guvoh bo‘lgan Henk Brauxauzen bilan suhbat, Amersfort shahridagi 101 o‘zbek askarlari dafn etilgan qabriston ziyorati, Amsterdam shahri rasmiylari bilan uchrashuv.
10—12 fevral, Polsha: Gdansk shahrida joylashgan o‘zbek generali Sobir Rahimovning ramziy qabri ziyorati, Osvensim konslageriga tashrif.
12—14 fevral, Belarus: 2015 yilda “Urushning ayoldan yiroq qiyofasi” asari uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan Belarus yozuvchisi Svetlana Alekseyevich bilan o‘zbek generali Mamadali Topivoldiyev jasorati haqida suhbat.
14—16 fevral, Rossiya: Sankt-Peterburg shahridagi Piskaryov qabristonida dafn etilgan 1450 nafar o‘zbek askarlari qabrlari ziyorati.
Mazkur ilmiy ekspeditsiya davomida Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alabaga o‘z hissasini qo‘shgan o‘zbek askarlari haqida ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.