2019 yil Davlat dasturining amalga oshirilishi bo‘yicha monitoring natijalari e’lon qilindi

“Yuksalish” umummilliy harakati o‘ziga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining bajarilishi bo‘yicha monitoring natijalari tahlilini e’lon qildi.

Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida 2019 yil mobaynida jami 274 ta banddagi tadbirlarning amalga oshirilishi belgilangan edi.

Davlat dasturining bajarilishi 2020 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra quyidagicha:

- 216 ta band ijro etilgan;

- 45 ta band bo‘yicha hujjatlar loyihalari mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilib, normativ hujjatlarni qabul qiluvchi sub’yektlarga kiritilgan;

- 1 ta band ijro muddati uzaytirilgan;

- 12 ta band o‘z vaqtida bajarilmagan.

Mazkur bandlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ul idora va vazirliklar tomonidan ishlar tashkil etilgan bo‘lsa-da, Davlat dasturida ushbu bandlarni bajarish uchun belgilangan amalga oshirish mexanizmi to‘liq qamrab olinmaganligi sababli rejalashtirilgan chora-tadbirlar belgilangan muddatda bajarilmagan. Ya’ni, Davlat dasturida ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan qonun va qonunosti normativ hujjatlar loyihalari o‘z muddatida lozim darajada ishlab chiqilmagan, amaliy choralar bajarilmagan.