Ma’muriy qamoq ayrim toifadagi shaxslarga qo‘llanilmaydi
A.HAMIDOV,
Samarqand tumani.
– O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ma’muriy qamoqqa olish uch sutkadan o‘n sutkagacha, favqulodda holat sharoitida jamoat tartibiga tajovuz qilgani uchun o‘ttiz sutkagacha muddatga qo‘llanilishi mumkin.
2017 yil 9 yanvarda qabul qilingan va 2019 yil 10 yanvarda kuchga kiradigan "Ma’muriy qamoqni o‘tash to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 5-moddasiga ko‘ra, tuman (shahar) sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyasining qarori, favqulodda holat rejimida, shuningdek, harbiy komendantning yoki ichki ishlar organi boshlig‘ining qarori ma’muriy qamoqni o‘tash uchun asos bo‘ladi.
Ma’muriy qamoqni o‘tashga mahkum etilgan shaxs maxsus qabulxonada, ya’ni ichki ishlar organlari tizimiga kiradigan, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus muassasada saqlanadi.
Maxsus qabulxonaga keltirilgan shaxsga muassasaga joylashtirilgan paytdan boshlab o‘zi haqida advokatga, qarindoshlariga yoxud boshqa shaxslarga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoki xabar qilish huquqi beriladi. Agar chet el fuqarosi bo‘lsa, uning maxsus qabulxonaga joylashtirilgani to‘g‘risida yozma bildirish yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuboriladi.
Homilador ayollar, uch yoshga to‘lmagan farzandi bor ayollar, 18 yoshga to‘lmaganlar va ikkinchi guruh nogironlariga nisbatan ma’muriy qamoqqa olish jazosi qo‘llanilmaydi.
Savolga Kattaqo‘rg‘on tumani ma’muriy sudi raisi
Sanjar SOLIYeV javob berdi.