Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Madaniyat markazlaridagi to‘garaklar pullik bo‘ldi va ularning a’zolari safi kengaya boshladi

Bu haqda viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Xo‘jaqul Muhammadiyev va Samarqand shahar madaniyat bo‘limi mudiri Ortiq Sultonov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

Dastlab, boshqarma boshlig‘i X.Muhammadiyev madaniyat markazlaridagi to‘garaklar, o‘tkazilayotgan madaniy tadbirlar, tizimdagi yangiliklar, qiynab kelayotgan muammolar va ularning yechimi bo‘yicha ko‘rilajak choralar xususida to‘xtaldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda viloyatdagi barcha shahar va tuman madaniyat bo‘limlariga qarashli 78 ta madaniyat markazlarida 18 yo‘nalishdagi 484 ta to‘garaklar tashkil qilingan. Ularga 5 760 nafar havaskor qamrab olingan.

- Shu paytga qadar madaniyat markazlarida faoliyat yuritadigan to‘garaklar bepul edi, - deydi Ortiq Sultonov. – Ularda qatnashadigan havaskorlar bir kun kelsa, bir kun kelmasdi. Iyun oyidan boshlab to‘garaklarimiz pullik bo‘lgach, a’zolarimiz mashg‘ulotlarga to‘liq qatnashadigan bo‘ldi. To‘garak rahbarlari uchun ham zarur sharoitlar yaratildi. To‘g‘ri, bugungi kunda madaniyat markazlari moddiy texnik bazasi, xodimlarning oylik maoshlari kamligi masalalari achinarli. Biz bu kabi muammolarga yechim topish uchun ichki imkoniyatlardan foydalanishga harakat qilyapmiz. “Nurafshon” madaniyat saroyi qoshida san’atkorlar liboslari sexi va bu yerda tayyorlangan mahsulotlar savdo do‘konini tashkil etishni rejalashtirganmiz.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.

To‘lqin Siddiqov.