Madaniyat va do‘stlik festivali millatlararo hamjihatlikni kuchaytiradi

Joriy yilning may oyida viloyatimizda o‘tkaziladigan tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, yoshlarni millatlararo hamjihatlik va bag‘rikenglik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan «O‘zbekiston - umumiy uyimiz» shiori ostida madaniyat va do‘stlik festivaliga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Festival doirasida ta’lim-tarbiya muassasalarida «Millatlararo hamjihatlik va bag‘rikenglik-taraqqiyot omili» mavzusida olimlar, shoir va yozuvchilar, mehnat faxriylari hamda turli millat vakillari ishtirokida davra suhbatlari, adabiy-badiiy kechalar tashkil etiladi.
Shuningdek, viloyatimizning qo‘shni davlatlarga yaqin bo‘lgan Bulung‘ur va Urgut tumanlarida «Chegara oldi hududlarda xalq diplomatiyasi tamoyillari asosida o‘zaro do‘stlik aloqalarini mustahkamlash» mavzusida madaniy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkaziladi.
- Viloyat madaniyat boshqarmasi bilan hamkorlikda mustaqilligimizning 28 yilligi munosabati bilan ko‘p millatli va yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, millatlararo totuvlikni ta’minlashga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirganmiz, - deydi Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Toshpo‘lat Tugalov. – Samarqand davlat universiteti bilan birgalikda «O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari: tarixi, holati va istiqbollari» mavzusida maqolalar to‘plamlari tayyorlanadi. Shuningdek, viloyatimizda istiqomat qiluvchi turli millat vakillaridan bo‘lgan ijodkorlarning asarlari kitob holida chop etiladi.
Tadbir doirasida viloyat adliya boshqarmasi tomonidan milliy-madaniy markazlar xodimlariga mo‘ljallangan davlat grantlari tanlovlarida qatnashish uchun loyiha va dasturlar tayyorlash, nodavlat-notijorat tashkilotlari faoliyatiga oid qonunchilikni tushuntirish yuzasidan o‘quv seminarlari tashkil etiladi.
Dilmurod TO‘XTAYEV.