Madaniyat va turizm vazirligi "Markaziy Osiyodagi yilning eng yaxshi turizm vazirligi" deya e’tirof etildi
Germaniyaning Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan "PATWA International Travel Awards 2023" yillik tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi "Markaziy Osiyodagi yilning eng yaxshi turizm vazirligi" nufuzli mukofoti bilan taqdirlandi.
"PATWA" har yili dunyodagi eng yirik sayohat yarmarkasi hisoblangan "ITB Berlin" ("Internationale Tourismus-Börse Berlin") doirasida "PATWA International Travel Awards" tadbirini tashkil etadi. Tadbirda 7 mingdan ortiq jurnalist, eksponent va 180 mamlakatdan sayyohlik sohasidagi mutaxassislar ishtirok etdi.
"PATWA International Travel Awards" mukofoti aviatsiya, mehmonxonalar, sayyohlik agentliklari va operatorlari, sayyohlik yo‘nalishlari, davlat idoralari, vazirliklar, xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar kabi turizmni rivojlantirishda ishtirok etgan shaxslar va tashkilotlarga beriladi.
Ma’lumot uchun, 7–9 mart kunlari Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan "ITB Berlin" turizm ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy stendi namoyish etildi.