Mahalla bong urdi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida bayon etilgan fikrlar, ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar asosida mahalla fuqarolar yig‘inlari oldida turgan vazifalarni belgilab olish, o‘zaro tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan tadbirda "Mahalla" xayriya jamoat fondi tuman, shahar bo‘limlari raislari, hokimlarning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, bir qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdi.
Viloyat mahallalar kengashi raisining birinchi o‘rinbosari M.Boboyorov viloyatimiz mahallalarida keyingi bir yil davomida amalga oshirilgan ishlar hamda kengashning yaqinda o‘tkazilgan yig‘ilishida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning amaliy tadbirlariga keng jamoatchilikni jalb qilish maqsadida "Maslakdosh, yelkadosh, raqobatdosh", "Mahalla kuni", "Ochiq hisobot darslari", "Kitob taqdimotlari", "Malaka" kabi loyiha dasturlarini innovatsion yondashuv sifatida viloyat bo‘yicha amaliyotga keng joriy qilishga kirishilgani haqida ma’lumot berdi.
Urgut tumani hokimi o‘rinbosari I.Jabborov tumanda tadbirkor va homiylar ko‘magi, aholining bevosita ishtirokida zamonaviy mahalla markazlari qurish tajribasi haqida gapirib berdi. 2017 yilda Urgutda 10 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ana shu tashabbus bo‘yicha yangi binoga ega bo‘lgani qayd etildi. O‘z navbatida 2018 yilda qurilishi rejalashtirilgan "So‘fiyon", "Chorchinor", "Fo‘slik", "Qolduvoyjar", "O‘roqboyjar", "A’loxotin", "O‘zbekiston", "Quyiguzar" mahalla fuqarolar yig‘inlari mahalla markazlari loyihalari taqdimotlari o‘tkazildi.
Shundan so‘ng seminar sayyor o‘quv tarzida davom etib, viloyat kengashi tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar mahallalar misolida o‘rganildi.
Jumladan, "Satang" mahalla fuqarolar yig‘inida "Maslakdosh, yelkadosh, raqobatdosh" loyihasining muhim tarkibiy qismi hisoblangan profilaktika inspektorining mahalla fuqarolar yig‘iniga hisobot berish jarayoni kuzatildi. Profilaktika inspektori A.Mahmudov hududda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, notinch oilalar bilan ishlash, voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish, maktabdagi davomat va boshqa masalalar haqida axborot berdi. Olib borilayotgan profilaktik ishlarga qaramay, 2017 yilda beshta jinoyat sodir etilgan. Mahalla hududiga videokuzatuv moslamalari o‘rnatish ishlari esa hali boshlanmagan.
Hisobotga mahalla fuqarolar yig‘ini, viloyat va tuman ichki ishlar idoralari mas’ul xodimlari munosabat bildirib, inspektor faoliyatini qoniqarsiz deb baholashdi va A.Mahmudov vazifasidan ozod etildi.
Seminar qatnashchilari "Jarqishloq" mahalla fuqarolar yig‘inida "Mahalla kuni" loyihasi doirasidagi patronaj xizmati faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Chumchuqli mahallasidagi 64-umumiy o‘rta ta’lim maktabi misolida maktab-mahalla-oila hamkorligining qay darajada yo‘lga qo‘yilgani, darsdan tashqari to‘garaklar faoliyati o‘rganildi.
– Viloyat mahallalar kengashi tashabbusi bilan xalq ta’limi boshqarmasi hamkorligida ta’lim muassasalarida har o‘quv choragida kamida bir marta ota-onalar ishtirokida "Ochiq hisobot darslari" o‘tkazilishi tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz, – deydi 64-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Islom Po‘latov. – "Sifatsiz dars – kelajakka xiyonat" shiori ostidagi bu tadbirlar avvalo, o‘qituvchi va ota-onalar hamkorligini mustahkamlaydi, o‘quvchilar davomatini yaxshilash, o‘qituvchi va murabbiylarning malakasini oshirishga yordam beradi. Bugun maktabimizda ilk bor ushbu tadbir o‘tkazilib, mahalla fuqarolar yig‘ini, profilaktika inspektori va ona-onalar ishtirokida ikkinchi o‘quv choragi yakunlarini tahlil etdik.
Darvoqe, viloyatdagi ta’lim muassasalarida oyning oxirgi shanba kuni "Kitob taqdimotlari kuni" deb belgilandi.
Seminar ishtirokchilari tumandagi Yetti uylik mahallasi misolida doimiy ish bilan band bo‘lmagan aholini vaqtinchalik haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish borasida to‘plangan tajriba va uning samarasi bilan tanishdilar.
Joriy yilning birinchi yarmida mazkur tartib asosida viloyatdagi 1089 mahalla fuqarolar yig‘inining har birida kamida besh nafardan fuqaroni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
"Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili"da viloyat mahallalar kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar mahallani xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makchisiga aylantirishga, kuchli fuqarolik jamiyatini qaror toptirishga xizmat qiladi. Seminar bu jarayon boshlangani haqidagi bong bo‘ldi.