Mahalla raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga kim mas’ul?
Saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha murojaatlarni ishchi guruh ko‘rib chiqadi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, saylovni tashkil etish va o‘tkazish uchun fuqarolar yig‘ini qarori bilan ishchi guruh tuziladi.
Ishchi guruh tarkibiga qoida tariqasida fuqarolar yig‘inining, tegishli hududda joylashgan nodavlat notijorat tashkilotlarining va boshqa tashkilotlarning vakillari, shuningdek tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashining deputati kiritiladi.
Fuqarolar yig‘ini raisi, yig‘in organlarining boshqa xodimlari, shuningdek fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga nomzodlarning, fuqarolar yig‘ini organlari boshqa xodimlarining yaqin qarindoshlari ishchi guruh tarkibiga kiritilishi mumkin emas.
Savol tug‘ilishi tabiiy: fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga nomzodlar kim tomonidan ko‘rsatiladi?
Nomzod ko‘rsatish tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikri inobatga olingan holda ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.
U tegishli komissiyaga taqdim etish uchun fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar bo‘yicha takliflarni tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikrini inobatga olgan holda tayyorlaydi.
Shuningdek, ishchi guruh:
fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) o‘tkaziladigan sana, vaqt va joyni belgilaydi hamda uni o‘tkazishdan kamida besh kun oldin bu haqda tegishli hududda yashovchi fuqarolarni xabardor qiladi;
hovlilar, uylar, ko‘chalar aholisining fuqarolar vakillari saylovi bo‘yicha umumiy yig‘ilishlarini tashkil etadi va o‘tkazadi;
hovlilar, uylar, ko‘chalar aholisi umumiy yig‘ilishining ishtirokchilarini ro‘yxatga oladi hamda fuqarolarning saylangan vakillari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda aholining umumiy yig‘ilishi bayonnomasini tuzadi;
fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish masalalari yuzasidan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib boradi;
fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) takroriy saylovi, shuningdek bo‘shab qolgan o‘rinlarga fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi o‘tkazilishini tashkil etadi;
fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi.
Eslatib o‘tamiz: fuqarolar yig‘ini raisining saylovi natijalari e’lon qilinganidan keyin ishchi guruh o‘z faoliyatini tugatadi.