Xalqni jaholatdan qutqarish harakatida bo‘lgan shahrisabzlik jadidlar

XIX asr oxiri, XX asr boshlarida Turkiston zaminida vujudga kelgan jadidchilik harakati xalqimiz ma’naviy uyg‘onish tarixida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Jadidlar o‘z davrida mustamlakachilik, qoloqlik va jaholat botqog‘ida qolgan jamiyatni uyg‘otish, inson ongida erkin fikr, milliy o‘zlik va taraqqiyot g‘oyalarini qaror toptirishni o‘zlarining muqaddas burchi deb bildilar. Ular uchun islohotning bosh mezoni – maktab, ta’lim, til, matbuot va ma’rifat edi.

O‘rta Osiyo jadidlari – Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Ismoil G‘aspirali kabi ulug‘ zotlar “usuli jadid” maktablari orqali yangi avlodni voyaga yetkazishni, milliy matbuot vositasida xalqni zamon bilan hamnafas qilishni maqsad qilishdi. Ular ilm-fan va dunyoviy bilimlarni o‘zlashtirmasdan turib millat taqdiri o‘zgarmasligini chuqur anglagan edi.

Jadidchilik harakati faqat Toshkent, Samarqand yoki Buxoro kabi markazlar bilangina cheklanib qolmadi. Bu ma’rifat nurlari Qo‘qon, Farg‘ona, Xiva, Qarshi va albatta, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarga ham yetib bordi. Qadimiy madaniy an’analar va yuksak adabiy muhitga ega bo‘lgan Shahrisabz zaminida ham jadidchilik g‘oyalari o‘zining mahalliy ildizlariga tayanib shakllandi.

Qadimiy va navqiron Shahrisabz Xusrav Dehlaviy, Mirzo G‘olib, Mirzo Bedil kabi ulug‘ mutafakkirlar merosi bilan bog‘liq muqaddas makon hisoblanadi. Alisher Navoiyning “Xamsa”sida Shahrisabz alohida mintaqa sifatida tilga olinib, “Sab’ayi sayyor” dostonining katta bir qismini aynan shu shahar tavsifiga bag‘ishlagani ham bu diyorning ma’naviy nufuzi qadimdan baland bo‘lganidan dalolat beradi.

Ana shunday tarixiy jarayonlar bag‘rida shakllangan shahrisabzlik jadidlar xalqni ilm-ma’rifatga chorlash, adabiyot, xattotlik, tarjima va tarix orqali milliy ongni uyg‘otish yo‘lida jon fido qildilar. Ularning faoliyati va fojiali taqdiri bugun ham biz uchun katta ibrat maktabidir. Ushbu maqola orqali o‘z davrining yetuk ma’rifatparvari, shoir, tarjimon, aruz va muammo ilmining zukko bilimdoni Qori Abdulla Gulshaniyning hayoti va ijod olamiga bir nazar solamiz.

1898 yilda Shahrisabz shahrining Zingiron mahallasida tavallud topgan Qori Abdulla Gulshaniy shaxsiyati orqali biz nafaqat bir shoir taqdiri, balki butun bir davr – jadidchilik harakatining murakkab va fojiali tarixini anglaymiz. Shahrisabzning Oqsaroy, Ko‘k gumbaz, Gumbazi Sayidon kabi Amir Temur davriga mansub obidalari bugun ham qalbimizda iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi. Ammo bu shaharning haqiqiy boyligi tosh va gumbazlarda emas, balki ma’rifat, ilm va ma’naviyatni hayot mazmuniga aylantirgan insonlar merosida mujassam.

O‘z davrining ziyoli, ma’rifatparvar shaxslaridan biri Mirza Salimbek Mirza Rahim o‘g‘li 1848 yilda tug‘ilgan bo‘lib, Buxoro amirligida yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan nufuzli davlat arbobi edi. U 1910-1914 yillarda Shahrisabz viloyati xokimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

1914 yilda Toshkentda toshbosma usulda chop etilgan “Tuhfatul ahbob fi tazkiratil ashobi ma’a tarixi kasirai majmuai Salimiy” asari jadidlar tarixini o‘rganishda beqiyos manba sanaladi. Unda Buxoro amirligi tasarrufidagi hududlarda yashagan 220 dan ortiq ijodkor haqida ma’lumot berilib, ular ijodidan namunalar keltirilgan. Tazkirada Qori Abdulla Gulshaniy ham yosh shoir sifatida tilga olinadi. Demak, u Mirza Salimiyning tengdosh do‘sti emas, balki uning himoyasida kamol topgan yosh shogirdi bo‘lgani tarixiy haqiqatga yaqin.

Shahrisabz jadidlari faoliyati Mirza Salimiyning yana bir asari — “Tarixi Salimiy” orqali ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Ammo 1914 yilda Mirza Salimbekning Buxoroga chaqirilishi va uning o‘rniga Akramxon to‘raning tayinlanishi bilan Shahrisabzdagi jadidchilik harakatiga qattiq zarba beriladi. Ismoil G‘aspirali tashrif buyurgach, endigina ildiz otayotgan ma’rifatparvarlik harakati ta’qiqqa uchraydi.

Bu davrda mashhur xattot va shoir Mirza Yunusxo‘ja Rojiy Shahrisabziyning nohaq qatl etilishi shahar tarixidagi eng mudhish sahifalardan biri bo‘lib qoldi. Uning husnixati bilan ko‘chirilgan Mirzo Bedil devoni bugun ham Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanib, bebaho ilmiy yodgorlik sifatida e’tirof etilmoqda. Rojiy bilan bir qatorda Isomiddin Shahrisabziyning surgun qilinishi, Abdullobekning zindonga tashlanishi, Abdurahmonbekning qatl etilishi jadidlar taqdirining qanchalik fojiali bo‘lganini ko‘rsatadi.

Bu nomlari keltirilgan ziyolilar Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Tilda, fikrda, ishda birlik” g‘oyasi bilan maydonga chiqqan va xalqni jaholatdan qutqarishning yagona yo‘li bilim va ma’rifatda ekanini anglaganlar edi.

Shu bois, shahrisabzlik jadid bobolarimiz qoldirgan qo‘lyozmalarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish, ularni nashr etish, muzeylar va ta’lim muassasalarida keng targ‘ib qilish – nafaqat tarix oldidagi burchimiz, balki kelajak avlod oldidagi mas’uliyatimizdir. Ajdodlar merosini anglagan yosh avlod esa Yangi O‘zbekistonning munosib bunyodkori bo‘la oladi.

Ahadxon MUHAMMADIYeV,

Shahrisabz davlat pedagogika instituti professori.