Mahalla taraqqiyotiga qaratilgan eng yaxshi biznes loyihalar aniqlandi

Samarqand shahrida “Mahalla taraqqiyoti uchun eng yaxshi biznes loyiha” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Marosimda so‘zga chiqqan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari F.Abilov, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sh.Yo‘ldoshev va boshqalar Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tanlov mahallalar  hududida amalga oshirish rejalashtirilgan biznes loyihalarni aniqlash va moliyalashtirish, biznes loyihalar tashabbuskorlarini rag‘batlantirishga qaratilganini ta’kidladi.

– Tanlovga kelib tushgan loyihalarni baholashda mahallarda yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va eksportni ta’minlashga qaratilgan biznes loyihalarga ustuvorlik berildi, – deydi Biznesni rivojlantirish banki Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshqaruvchisi J.Shodiyev. – Loyihalar tashabbuskorlari www.biznes-portal.uz elektron platformasi orqali ariza yuborib, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi ishtirokchisiga aylangan bo‘lishi tanlovning asosiy sharti sifatida belgilandi. Eng yaxshi deb topilgan biznes loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 14 sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joriy etilgan tartib asosida bankimiz tomonidan imtiyozli shartlarda moliyalashtiriladi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, Samarqand shahridagi “ADVANTAGE PRO" mas’uliyatini cheklangan jamiyati tomonidan taqdim etilgan loyiha birinchi o‘ringa munosib deb topildi. Keyingi o‘rinlar “IBRAGIMOV SHAROFIDDIN SAYFUTDINOVICH” yakka tartibdagi tadbirkori hamda Payariq tumanidagi “TRITON SANOAT QURILISH SERVIS” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga nasib etdi. Endi ular tanlovning mamlakat bosqichida ham ishtirok etadi.

Tanlovda, shuningdek, “Eng namunali kredit to‘lovchi”, “Eng faol ayol tadbirkor”, “Eng yosh tadbirkor”, “Eng salohiyatli tadbirkor”, “Eng innovatsion loyiha” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.

B.Mustanov.