Mahalla xodimlari qaysi oliy ta’lim muassasasida o‘qitiladi?

Yaqin kunlarda mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalariga 2022/2023 o‘quv yili uchun qabul jarayonlari boshlanadi. “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori (3-son, 03.01.2021 y.) bilan fuqarolar yig‘inlari uchun ham sirtqi ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimi joriy etilgan.

Xo‘sh, imtiyoz asosida kimlar hujjat topshirishi mumkin? Mahalla faollariga qanday talablar qo‘yiladi? Qaysi oliygohlarda o‘qish imkoniyati mavjud?

To‘lov-kontrakt shaklida o‘qitiladi

Aytish kerakki, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun sirtqi ta’lim shakli doirasida o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi. Kadrlar tayyorlash bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari, fan dasturlari hamda o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlarni ishlab chiqish uchun O‘zbekiston Milliy universiteti tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Har yili 1 martga qadar mahallalardagi kadrlarga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyoj to‘liq tahlil qilinadi hamda asoslantirilgan takliflar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga taqdim etiladi.

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega bo‘lgan hamda kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari belgilangan tartibda talabalikka tavsiya etiladi.

Tavsiyanoma berish Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi 402-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi. Tavsiyanoma asosida o‘qiyotgan talabalar o‘qishini boshqa bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.

Tavsiyanoma kimlarga beriladi?

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlariga tavsiyanomalar berish vazirlik tomonidan quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:

- egallab turgan lavozimida so‘nggi bir yil davomida faoliyat yuritayotgani;

- mahalla tizimida kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgani;

- faoliyat yuritayotgan fuqarolar yig‘ini reyting ko‘rsatkichi bo‘yicha «namunali» deb topilgani;

- viloyat, tuman (shahar) mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari, bo‘limlari tomonidan ijobiy tavsiflangani;

- xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan ish faoliyati ijobiy deb baholangani;

-  intizomiy jazo chorasi qo‘llanilmagani.

Shunchaki “imtiyoz” emas...

Mahalla xodimlarining sirtqi ta’lim shaklida o‘qishi imtiyoz o‘laroq baholangan bo‘lsa-da, aslida qator talablari borki, istalgan xodim istalgan oliy ta’lim muassasalariga kira olmaydi.

Misol uchun, berilayotgan imtiyoz barcha oliy ta’lim muassasalariga o‘tmaydi, qolaversa, barcha yo‘nalishlarga nisbatan ham tatbiq etilmaydi. Ya’ni, mahalla xodimlari uchun pedagogika va moliya-iqtisod sohalaridagi oliy ta’lim muassasalarida faqat «5520100 – Ijtimoiy ish» (faoliyatning turli sohalari bo‘yicha) bakalavriat ta’lim yo‘nalishida sirtqi o‘qish imkoniyati berilgan.

Masalan, bunday yo‘nalish O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zMUning Jizzax filiali, Andijon davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti, Namangan davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Termiz davlat universiteti, Farg‘ona davlat universitiyeti, Urganch davlat universiteti, Navoiy davlat pedagogika instituti, Chirchiq davlat pedagogika institutlarida mavjud.

Bundan tashqari, ushbu yo‘nalishga imtiyozli ravishda qabul qilingan mahalla xodimlarining o‘qishini boshqa yo‘nalishga ko‘chirishiga ruxsat berilmaydi.

Shuningdek, bu - mahalla xodimlari (hatto tavsiyanoma olganlari ham) o‘qishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinadi, degani emas. Boshqacha aytganda, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega bo‘lib turib ham kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tilmasa, mahalla organlari xodimlari talabalikka tavsiya etilmaydi.

Qolaversa, tavsiyanoma so‘rab murojaat qilgan har bir mahalla xodimi tavsiyanomali bo‘lib qolmaydi. Ya’ni, yuqorida tavsiyanoma olishning, yuqorida qayd etilganidek, belgilangan mezonlari bor. Faqat ularga to‘g‘ri kelgan xodimlargagina tavsiyanoma beriladi.

2021 yilda 503 nafar xodimga tavsiyanoma berildi

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilda tavsiyanoma olish uchun 1 ming 219 ta ariza kelib tushgan. Arizalar vazirlikda tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘rganilib, 716 nafar nomzodning hujjatlari tegishli mezonlarga to‘g‘ri kelmagani uchun tavsiyanoma berish rad etilgan.

Xususan, 569 nafar nomzodning faoliyat yuritayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini reytingi namunali emas, 105 nafar nomzodning mahalla tizimida ish staji yetarli emas, 6 nafar nomzod egallab turgan lavozimiga 1 yil to‘lmagan, 36 nafari turli sabablarga ko‘ra (bo‘lim xodimlari, nomzodning tegishli hujjatlari to‘liq etilmagan, fuqarolar yig‘ini reyting ko‘rsatkichi mavjud emas) rad etildi.

Jami 503 nafar fuqaroning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlariga tavsiyanomalar berildi.

Sodiq ABDURASULOV.