Mahalliy byudjet daromadlarini ko‘paytirishning manbalari ko‘p, gap undan to‘g‘ri foydalanishda

Xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma to‘qqizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya ishini viloyat hokimi, Kengash raisi E.Turdimov olib bordi.

Kun tartibiga muvofiq, dastlab viloyat sudi raisi O.Hayitovning “Samarqand viloyati sudlarining 2021 yil birinchi choragi davomida odil sudlovni amalga oshirish borasida amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risida”gi axboroti tinglandi.

Shundan so‘ng Oliy Majlis Senatining 2021 yil 12 martdagi “Andijon, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida 2020 yil yakuni bo‘yicha viloyatlar byudjetlarining, shuningdek, tumanlar va shaharlar byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan shakllantirilgan mablag‘larning maqsadli hamda samarali sarflanishini o‘rganish natijalari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha tayyorlangan hisobot ko‘rib chiqildi.

Sessiya ishida viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i Botir Mirzayev mahalliy byudjet daromadlarining qo‘shimcha manbalarini shakllantirish, mahalliy byudjet daromadlarini oshirish to‘g‘risida hisobot berdi. Bu borada o‘z takliflarini bildirdi.

Shuningdek, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Alovitdin Inog‘omovning soliq tushumlarining o‘z vaqtida undirilishi, unga oid prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.

Kun tartibidagi beshinchi masala - viloyatda xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini oshirish hamda o‘qituvchi va o‘quvchilarning bilim ko‘nikmalarini rivojlantirish yuzasidan olib borilayotgan ishlari to‘g‘risida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Shodiyeva hisobot berdi.

Sessiyada shuningdek, 2020 yil ko‘rsatkichlari asosida “qoniqarsiz” va “o‘rta” baholangan shahar va tumanlarni ko‘tarish, “yashil” baholangan shahar va tumanlarda ko‘rsatkichlarni ijobiy natijalarga chiqarishni ta’minlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar dasturlari tasdiqlandi.

Sessiya viloyat Kengashi vakolatiga taalluqli yana bir nechta masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.