Mahkumlar saylov qonunchiligi bilan tanishtirildi

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqamasi 37-jazoni ijro etish muassasasida jazoni o‘tayotgan mahkumlarga ayni paytdagi saylov kampaniyasi haqida ma’lumot berish, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida uchrashuv o‘tkazildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi tomonidan tashkil etilan tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida belgilangan saylov prinsiplari, fuqarolarning saylash va saylanish huquqi bilan bog‘liq qoidalar, yangiliklar haqida so‘z yuritildi. Saylov byulletenini to‘ldirish tartibi va yosh saylovchining ovoz berishda ishtiroki bilan bog‘liq qoidalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

– Saylov kodeksining 5-moddasida sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi, deb belgilab qo‘yilgan, – dedi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi raisi o‘rinbosari O‘.Mamadaliyev. – Lekin ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarda saylovda ishtirok etish, ya’ni saylash huquqi mavjud. Bu joriy yilgi saylovning eng muhim, ahamiyatli tomonlaridan biri hisoblanadi.

Uchrashuvda mahkumlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga sudyalardan javob oldilar.

Otabek QODIROV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi bosh mutaxassisi.