Mahsulotning eksportbopligi va raqobatbardoshligi sifatga bog‘liq

"Sanepidqo‘mita"ning Samarqand viloyat boshqarmasi mutaxassislari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda eksport bo‘layotgan mahsulotlarni talab darajasida tayyorlash bo‘yicha tadbirkorlar bilan profilaktik uchrashuv olib bordi.
Samarqand tumanidagi Qo‘shtamg‘ali mahallasida faoliyat yuritayotgan "Amir tea Samarqand" MChJda bugungi kunda mahsulot sifatiga alohida e’tibor qaratilgan. Jamiyat 2021 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 50 nafardan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Hozirda 120 xil markali qorachoy hamda 78 xil markali ko‘k choy qadoqlab, chiqarilmoqda.
Shuningdek, Farhod shaharchasidagi “Kuxiston baland” MChJ 2012 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ayni paytda bu yerda 17 nafar xodim ishlab kelmoqda. Korxonada 78 turdagi ziravor mahsulotlar qadoqlanadi. Mahsulotlari Rossiya, Gruziya, Hindiston, Afg‘oniston, BAA hamda Vetnam davlatlariga eksport qilinadi.
– Har bir mahsulotni dunyo bozoriga chiqarish uchun, eng avvalo, uning sifati va tabiiy tarkibiga e’tibor qaratish lozim. Shu sababli bugungi kunda boshqarma mutaxassislari viloyatimizdagi ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda, – deydi "Sanepidqo‘mita" viloyat boshqarmasi boshlig‘i Latif Rustamov. – Maqsadimiz viloyatimizda faoliyat yurituvchi korxonalarning sifatli mahsulotlar sonini ko‘paytirish va jahon bozorida ularni yanada mustahkam o‘rin egallashiga ko‘maklashish.
Zamonaviy bozor iqtisodiyoti ishlab chiqariladigan mahsulot sifatiga muhim talablar qo‘yadi. Chunki hozirgi zamonda har qanday korxonaning omon qolishi, uning tovarlar va xizmatlar bozoridagi mustahkam mavqei raqobatbardoshlik darajasi bilan belgilanadi. O‘z navbatida raqobatbardoshlikda mahsulot sifatining darajasi alohida ahamiyatga ega.